Mahalla raislariga yerni auksionga chiqarish vakolati beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda mahalla raislariga xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati beriladi. Bu haqda bugun, 16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti. Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tilgan.

Yig‘ilishda bildirilishicha, achinarlisi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan. Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olingan, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rilgan.

Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ham mas’ullarga savollar qo‘yilgan. Davlat rahbari mahalla odamlar uchun chinakam “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi” bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan.

Yangi Quva mahallasi misolida aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha yangi tartib ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu mahallada 51 nafar ishsiz fuqaro bor, ularning 4 nafari agrotexnikumni bitirgan va xonadonida 10 sotixdan tomorqasi mavjud.

Bildirilishicha, mahalla raisi tomorqada gul ko‘chatiga ixtisoslashgan yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun mahalla bankiriga buyurtma beradi. Qolgan ishsiz aholi bo‘yicha ham mahalla raisi kim tadbirkor bo‘lmoqchi, qaysi oila daromadini oshirmoqchi, kimga kredit, uskuna yoki yer kerakligini aniqlab, bankirga aniq vazifa qo‘yadi.

Yangi Quva mahallasida bog‘cha yetishmasligi sabab 50 nafar bola qo‘shni mahallaga qatnayapti, hududda esa 70 sotix bo‘sh yer bor. Shu munosabat mahallalarda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing