“Lolazor” qanday payhon bo‘lgan? Administratsiyagacha yetib borgan noqonuniy qurilish muammosi
Jamiyat
−
01 avgust 7405 5 daqiqa
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga tashrifidan so‘ng voqealar rivoji mutlaqo boshqa o‘zanga burildi. O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi poytaxt markazidagi qimmatbaho yerni davlat-xususiy sherikchilik bahonasida shubhali MCHJga qanday o‘tkazib berdi? QALAMPIR.UZ bu borada ma’lumotlarni jamladi.
Joriy yilning 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Mirobod tumanidagi Mirobod ko‘chasi 27/12A manzilida joylashgan “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga borgandi.
O‘rganishlar davomida, mazkur manzildagi eski mahalla idorasi o‘rnida 2026 yil iyul oyidan boshlab besh qavatli noturar ob’ekt qurilishi boshlangani ma’lum bo‘ldi. Loyiha Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi hamda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ o‘rtasida 2023 yil 24 noyabrda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilgan. Binoning birinchi qavatda mahalla idorasi, yuqori to‘rt qavatida esa biznes markazi joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish maydoni eski mahalla binosi ortidagi bolalar maydonchasini ham qamrab olgani, hudud maxsus devorlar bilan o‘rab qo‘yilgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan “Lolazor” mahallasi aholisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga murojaat qilgan. Shu munosabat bilan Saida Mirziyoyeva mahallaga tashrif buyurib, vaziyatni o‘rgandi va mahalla idorasining buzilishi qonuniyligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered.jpg)
Qurilish qanday hujjatlar asosida amalga oshirilgan?
QALAMPIR.UZ’ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023 yil 26 oktyabrda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga Mirobod ko‘chasi 27/12A manzilidagi mavjud noturar ob’ektni rekonstruksiya qilish va hududida qo‘shimcha bino qurish uchun ruxsatnoma berilgan.
Ruxsatnomada bir qator shartlar belgilangan. Jumladan:
- shaharsozlik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilish;
- muhandislik tarmoqlarini muhofaza qilish yoki zarur hollarda ko‘chirish;
- Mirobod ko‘chasidagi 27/4, 27/5, 27/6, 27/7 va 27/8-uylarda yashovchi aholi roziligini olish;
- ekologiya, sanitariya xizmati hamda Favqulodda vaziyatlar xizmati xulosalarini rasmiylashtirish.
Ruxsatnoma ikki yil muddatga berilgan bo‘lib, belgilangan talablar bajarilmagan yoki qurilish o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan taqdirda uning amal qilish kuchi bekor bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyiha bo‘yicha Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2025 yil 14 fevraldagi ijobiy xulosasi ham olingan. Bunda elektr, gaz va suv tarmoqlari bo‘yicha texnik shartlar ham olingan, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, 2026 yil 24 fevralda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasida atrofdagi uylar aholisi rozilik bildirgani qayd etilgan.
-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered(1).jpg)
Kompaniya haqida nima ma’lum?
Ochiq davlat reyestrlari ma’lumotlariga ko‘ra, “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ 2021 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 171 million 500 ming so‘mni tashkil etadi.
Kompaniya rahbari sifatida Boburmirzo Baxtiyorovich Latipov ko‘rsatilgan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, uning nomida jami 5 ta MCHJ mavjud. Ularning ustav kapitali 3-4 million so‘mdan boshlanib, eng baland fondi 200 million so‘mni tashkil etadi va ularning barchasi faol maqomda saqlanmoqda.
Aynan shu kompaniya Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida shartnoma tuzib, mahalla idorasi hududida besh qavatli noturar ob’ekt qurilishini boshlagan.
Qurilish rejasiga ko‘ra, binodan faqat birinchi qavat mahalla idorasi sifatida foydalaniladi. Qolgan qavatlar esa biznes markaziga aylantirilishi belgilangan.
-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered(2).jpg)
Davlat-xususiy sheriklik yoki qimmat yerdan tijorat?
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi hamda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali mahalla idorasini rekonstruksiya qilish asosida mazkur ob’ekt qurilishini boshlagan.
“Mahalla” fond tuman bo‘linmasining raisi Abdumurod Azizov tadbirkor Boburmirzo Latipovga yer ajratishni Prezidentning 2023 yil 21 dekabrda qabul qilingan PQ-402-sonli qarori asosida amalga oshirgan ko‘rinadi.
Qarorning 11 bandida, mahalla idoralari uchun yagona namunaviy va ixcham binolar loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Ammo mazkur qaror mahalla binolari hududida ko‘p qavatli tijorat ob’ektlari qurilishini nazarda tutadimi yoki yo‘qmi, bu masalaga rasmiy izoh berilmagan.
-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered-Recovered(3).jpg)
Tekshiruv boshlangan
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning “Lolazor” MFYga tashrifi davomida poytaxtda shaharsozlik talablari, dizayn kodlar, yashil hududlarni saqlash va aholi manfaatlarini inobatga olish zarurligini bildirdi. Shuningdek, qurilish jarayonida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, mas’ullar qonun oldida javob berishi lozimligini ta’kidladi.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda.
Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bilan bog‘landi ammo Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi. Toshkent shahar hokimligi esa barcha mas’uliyatni tuman hokimligiga yuklab, savollarga tumandan javob topishimiz mumkinligi bildirdi. Mirobod tuman hokimligi esa “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga yer maydoni ajratib berish haqida hech qanday qaror chiqarmaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, tahririyat qurilish ishlarini olib borayotgan MCHJ bilan ham bog‘lanishga urindi. Biroq, ochiq manbalarda keltirilgan “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga tegishli bo‘lgan telefon raqamlari orqali aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, agar qurilish kompaniyasi biror ma’lumot bermoqchi bo‘lsa, tahririyat ular uchun ham ochiqligini bildiradi.
Bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi. Mirobod tumanidagi mazkur manzil poytaxtning eng qimmat lokatsiyalaridan biri hisoblanadi. Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi qanday tanlov asosida tuzilgan? Tender o‘tkazilganmi? Boshqa investorlar ishtirok etganmi? Bu savollarga hozircha rasmiy javob yo‘q.
Bundan tashqari, bolalar maydonchasining qurilish hududiga qo‘shib yuborilishiga huquq berganmi yoki yo‘q, bugun tekshiruvchilar aniqlashi kerak bo‘lgan asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Live
Barchasi