“Liverpul” futbolchisi “Ukraina dushmani”ga aylandi

Sport

−

image

Vengriya terma jamoasi va “Liverpul” himoyachisi Milosh Kerkez va uning otasi Millatlar ligasida Ukrainaga qarshi uchrashuvdan so‘ng yuzaga kelgan mojaro sabab maxsus veb-saytdagi “Ukraina dushmanlari” ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.

Joriy yilning 25 sentyabr kuni Vengriya terma jamoasining Millatlar ligasi doirasidagi Ukrainaga qarshi ochilish uchrashuvida Kerkez Viktor Sigankov va Dominik Soboslai o‘rtasidagi mojaroga aralashgan edi. Keyinchalik “Liverpul” futbolchisining otasi Instagram sahifasiga o‘g‘lining Sigankov bilan tortishuvi aks etgan suratni joylagan va unga rossiyalik ijodkorlar AK-47 hamda Noggano (Basta) ijrosidagi “Russian Paradise” qo‘shig‘ini ilova qilgan.

“Shaxsan men hayotimda hech qachon hech qanday tajovuzni qo‘llab-quvvatlamaganman va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlamayman. Boshqalarga zarar yetkazadigan har qanday harakatni maqbul deb hisoblaydigan inson emasman. Shu bilan birga, futbolda doimo keskin vaziyatlar bo‘ladi. Ukrainaga qarshi o‘yinda men faqat sardorimiz va do‘stimni himoya qildim. Raqibimiz boshqa mamlakat vakili bo‘lganida ham xuddi shunday qilgan bo‘lardim”, deydi Kerkez.

Futbolchi otasining harakatlari uchun javobgar emasligini ham ta’kidladi.

“Men otam emasman. U nima qilmasin, uning harakatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olmayman”, deya qo‘shimcha qildi Kerkez.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonlik sobiq bokschi va Jahon boks federatsiyasi prezidenti Gennadiy Golovkin ham Jahon boks federatsiyasi tomonidan rossiyalik sportchilarga nisbatan joriy etilgan ayrim cheklovlarni bekor qilish hamda rossiyalik bokschilarga xalqaro musobaqalarda milliy ramzlari ostida ishtirok etishga ruxsat berilgani sabab Ukraina qora ro‘yxatiga kiritilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing