“Leganes” futbolchisi bola parvarishi uchun “dekret”ga chiqmoqchi
Sport
−
22 avgust 1908 1 daqiqa
Ispaniyaning “Leganes” klubi futbolchisi Xuan Krus professional futbol tarixida kutilmagan va noyob qarorga qo‘l urishi mumkin. Xavbek farzandini parvarish qilish uchun “dekret” ta’tiliga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Marca” xabar berdi.
Agar bu rostdan ham amalga oshsa, bu professional futbol tarixida erkak futbolchining rasmiy ravishda bola parvarishi uchun ta’til olgan ilk holati bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Krusning bu qarorida oilaviy sabablar bilan bir qatorda transfer masalalari ham bor. U o‘zini “Rayo Valekano” klubiga qo‘yib yuborishlarini xohlamoqda va shu orqali “Leganes” rahbariyatiga bosim o‘tkazishga urinayotgani aytilmoqda.
Ispaniya mehnat qonunchiligida erkaklar ham bola parvarishi uchun ta’til olish huquqiga ega. Biroq professional sportda, ayniqsa, futbol olamida bunday amaliyot deyarli kuzatilmagan. Shu sababli Xuan Krusning qarori futbol jamoatchiligida katta rezonans uyg‘otishi kutilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar futbolchilar oilaviy sabablarga ko‘ra ta’til olish imkoniyatidan foydalanishni boshlashsa, bu futbolchilar huquqlarining kengayishi sari qadam bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Ispaniyaning “Leganes” klubi o‘zbekistonlik futbolchi Lazizbek Mirzayev transferini e’lon qilgan edi.
Jahongir Boltaboyev
Live
Barchasi