La Liga yangi mavsumdan bir qator muhim qoidalarni joriy etadi

Sport

image

Ispaniya La Ligasi 2026-2027 yilgi mavsumdan boshlab Xalqaro futbol assotsiatsiyasi kengashi (IFAB) tomonidan tasdiqlangan o‘yin qoidalariga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarni amaliyotga joriy etadi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, agar darvozabon maydonda yordamga muhtoj bo‘lsa va o‘yin uning haqiqiy yoki ehtimoliy jarohati sabab to‘xtatilsa, maydondagi jamoadoshlaridan biri maydonni to‘liq bir daqiqaga tark etishi shart bo‘ladi.

Ushbu qoida, ayniqsa, o‘yin so‘nggi daqiqalarida vaqtni cho‘zish, raqib bosimini pasaytirish yoki uchrashuv sur’atini o‘zgartirish maqsadida qasddan amalga oshiriladigan “taktik jarohatlar”ning oldini olishga qaratilgan.

Biroq, bir qator istisnolar ham mavjud. Masalan, penaltidan keyin darvozabonga haqiqatan ham tibbiy yordam zarur bo‘lsa yoki jiddiy to‘qnashuv oqibatida jarohat olgan bo‘lsa, mazkur qoida qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, yordamga muhtoj emasligini aniq bildirgan yoki o‘yinni kechiktirmasdan ixtiyoriy ravishda maydonni tark etgan futbolchilar ushbu jazodan ozod qilinadi.

Bosh miya jarohati, yurak bilan bog‘liq muammolar, tutqanoq, nafas olish qiyinlashuvi kabi hayot uchun xavfli holatlar ham yangi qoida doirasiga kirmaydi.

La Liga IFAB’ning almashtirish tartibiga oid yangilangan ko‘rsatmalarini ham qo‘llaydi. Agar almashtirilayotgan futbolchi maydonni belgilangan vaqtda tark etmasa, uning jamoasi bir daqiqaga kam sonli tarkibda harakat qilishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, hakamlar noto‘g‘ri shaxsga ko‘rsatilgan ikkinchi sariq kartochka holatlarida VAR yordamida faqat qoidabuzarning shaxsini aniqlash huquqiga ega bo‘ladi. Qoidabuzarlikning o‘zi esa qayta baholanmaydi.

VAR yana bir holatda ham aralashadi: agar hujum qiluvchi jamoa burchak to‘pi yoki jarima zarbasi bajarilishidan oldin qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yib, bu harakat keyinchalik gol, penalti yoki xavfli hujumga sabab bo‘lsa, epizod qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu tariqa, La Liga yangi mavsumdan o‘yin vaqtini sun’iy cho‘zish holatlarini kamaytirish va hakamlik qarorlarining aniqligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim o‘zgarishlarni amalga oshiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing