La Liga 13-turida peshqadam ochko yo‘qotdi
Sport
−
24 noyabr 1237 3 daqiqa
Kecha, 23 noyabr kuni Ispaniya La Ligasida 13-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Bu turda amaldagi peshqadam “Real Madrid” “Elche” mehmoni bo‘ldi va safarda kutilmagan durrang natijani qayd etdi. “Barselona” bu turda “Kamp Nou”ga qaytdi va yangi stadionda “Atletik Bilbao”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. “Atletiko Madrid” esa kichik hisobda “Xetafe”ni taslim etdi.
“Valensiya” 1:0 “Levante”
Turnir jadvali nuqtai nazaridan autsayderlar o‘rtasidagi bu bahs mezbonlarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi. “Valensiya” derbida Ugo Duroning 79-daqiqadagi goli evaziga g‘alabani qayd etdi.
“Alaves” 0:1 “Selta”
Bu uchrashuvda ham jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etdi. Har ikkala jamoa ham mag‘lubiyatga uchrashdan xavfsiragan holda maydonda harakat qildi, biroq ikkinchi bo‘lim avvalida “Selta” penaltidan hisobni ochishga erishdi va o‘yin yakuniga qadar shu hisobni saqlab qoldi.
“Barselona” 4:0 “Atletik Bilbao”
“Barselona” ikki yarim yillik tanaffusdan keyin ilk bor “Kamp Nou”ga qaytdi. Yangi stadiondagi ilk uchrashuvda mezbonlar raqibni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. “Atletik Bilbao” da ham bir nechta vaziyatlar sodir bo‘ldi, biroq ulardan foydalanishda jamoaga omad yetishmadi.
“Osasuna” 1:3 “Real Sosedad”
Bu bahsda “Osasuna” dastlab hisobni ochishga va bo‘limni o‘z foydasiga hal etishga erishgan bo‘lsa-da, “Sosedad” ikkinchi bo‘limda bir necha eng muhim epizodni golga aylantirishga erishdi va raqibning xatolaridan foydalanib ustunlikni saqlab qoldi.
“Vilyarreal” 2:1 “Malorka”
Bu uchrashuvda jamoalar dastlabki daqiqalarda hujumkor o‘yin namoyish etdi. 6-daqiqada “Vilyarreal”, 8-daqiqada esa “Malorka” gol urishga erishdi. Uchrashuv yakuniga yaqin paytda “Kichik Submarina” g‘alaba golini yo‘ladi va muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Real Ovedo” 0:0 “Rayo Valekano”
Ikkala jamoa ham ehtiyotkorlik bilan xato qilishdan qo‘rqib harakat qildi. Har ikki jamoaning bir nafar a’zolari qizil kartoshka bilan maydonni tark etdi. Yakunda ham jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldi.
“Betis” 1:1 “Jirona”
Sevilyaliklar bu turda turnir jadvali pastki o‘rinlarida borayotgan “Jirona” o‘z maydonida qabul qildi va kutilmaganda durrang natija qayd etdi. “Jirona” dastlab hisobni ochdi va g‘alaba qozonishi ham mumkin edi, ammo Valentin Gomesning goli “Betis”ga durrang natijani taqdim etdi.
“Xetafe” 0:1 “Atletiko Madrid”
Diyego Simeone shogirdlari bu turda “Xetafe” mehmoni bo‘ldi va kichik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba bilan poytaxtliklar turnir jadvalida kuchlik beshlikdan mustahkam o‘rin egalladi.
“Elche” 2:2 “Real Madrid”
Turdagi eng kutilmagan uchrashuv “Elche” – “Real Madrid” bahsida sodir bo‘ldi. Peshqadam “Real Madrid” ketma-ket ikki turdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. “Qirollik klubi” bu turda ham 2 ochko yo‘qotdi. Din Xyoysen va Jud Bellingemning gollari “Real”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Natijada “Barselona” bilan oradagi farq bir ochkoga yetdi.
“Espanol” – “Sevilya”
Bu uchrashuv bugun, 24 noyabr kuni tunda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, yakunlangan tur uchrashuvlaridan so‘ng “Real Madrid” 32 ocho bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. “Barselona” esa 31 ocho jamg‘argan holda 2, “Vilyarreal” esa 29 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olgan. La Ligada navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 29 noyabriga o‘tar oqshomida boshlanadi.