Kurskda Rossiya Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondonining o‘rinbosari halok bo‘ldi
Olam
−
03 iyul 13695 2 daqiqa
Kursk viloyatida Rossiya Harbiy-dengiz floti (VMP) bosh qo‘mondonining o‘rinbosari, general-mayor Mixail Gudkov vafot etdi. Bu haqda mamlakatning Mudofaa vazirli xabar berdi.
Vazirirlik bayonotiga ko‘ra, Mixail Gudkov kecha, 2 iyul kuni Kursk viloyatining chegara yaqinidagi hududda jangovar topshiriqlarni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan.
Gubernatorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, general Gudkov o‘zining ofitserlik burchini bajarayotgan vaqtda, jang maydonida o‘z safdoshlari bilan birga jon bergan.
“Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandan so‘ng ham u shaxsan dengiz piyodalari pozitsiyalariga borishda davom etgan. U bilan birga halok bo‘lgan – uning sodiq do‘sti va bizning umumiy safdoshimiz Nariman Shixaliyev”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Mixail Gudkov 2021 yildan 2025 yil aprelgacha Tinch okeani floti tarkibidagi 155-gvardiyachilar alohida brigadasiga qo‘mondonlik qilgan. Bu brigada Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshida, Kiyev viloyatida, Moshun va Irpen yaqinida, shu jumladan Bucha shahri atrofida olib borilgan janglarda qatnashgan.
Dengiz piyodalarining “Tayfun” jamoat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan xabarda aytilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari 2 iyul kuni 155-dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondonlik punktiga raketa zarbasi yo‘llagan. Korenevoda oldingi chiziqdagi punktga to‘rtta raketa kelib tushishi oqibatida 10 dan ortiq kishi, jumladan, Gudkov va yana bir necha katta ofitserlar halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Gudkovga “Rossiya Qahramoni” unvoni berilgan. 2024 yilda brigada Kursk viloyatiga yuborilgan va u yerda Ukraina Qurolli kuchlarining hujumlarini to‘xtatish bo‘yicha operatsiyalarda qatnashgan.
2025 yilning aprelida Mixail Gudkov Rossiya Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondonining o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Stavropol shahridagi portlash oqibatida Ukrainadagi bosqin faxriysi Zaur Gursiyev halok bo‘lgandi.