Kreml Ukraina bilan hududlar almashinuvini rad etdi

Olam

image

Rossiya tomonidan egallangan hududlarni Kursk viloyatining bosib olingan yerlariga almashtirish hech qachon yuz bermaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Bu mumkin emas. Rossiya hech qachon va hech qanday sharoitda o‘z hududining almashinuvi masalasini muhokama qilmagan va qilmaydi. Albatta, ukrain harbiy tuzilmalari bu hududdan haydab chiqariladi, yo‘q qilinmaganlar ham quvib chiqariladi”, dedi Peskov.

Qayd etish joiz, Ukraina Qurolli kuchlari o‘tgan yilning 6 avgustida Kursk viloyatiga bostirib kirib, dastlabki ikki hafta ichida 1300 kvadrat kilometr va taxminan 100 ta aholi punktini egalladi. Yanvar oxiriga kelib, Ukraina armiyasi nazorati ostida 439,5 kvadrat kilometr hudud qolgan edi. Yil boshida esa Ukraina uch yo‘nalishda hujumga o‘tishga urindi va ulardan birida uch kilometr oldinga siljidi. Fevral oyida Ukraina armiyasi ikkinchi bor hujum uyushtirib, mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi va Rossiya hududiga besh kilometr chuqurlikda ilgariladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin armiyaga Ukrainani Rossiya hududidan “haydab chiqarish” talabini bir necha bor ommaga e’lon qilgan, ammo yanvar oyida Kursk viloyatini tilga olishni to‘xtatdi, chunki bu borada ko‘zga ko‘ringan natijalar bo‘lmagan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya hududiga bostirib kirish “nafaqat adolatli, balki mamlakat va umuman Yevropada hayotni himoya qilish uchun samarali” ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bosqinchilik Rossiyaning zaifligini butun dunyoga, avvalo Global Janub mamlakatlariga ko‘rsatgan. Ukraina yetakchisi, shuningdek, Kiyev Kursk viloyati omilidan Kreml bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralarida foydalanish niyatida ekanini ham qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Kiyev Kursk viloyatida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan egallangan hududlarni Rossiya armiyasi nazorati ostidagi ukrain yerlariga almashtirish niyatida ekanini bildirgan edi. Shuningdek, Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga tayyor ekanini, biroq o‘z mamlakati kuchli pozitsiyadan turib harakat qilishini istashini bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing