Kreml Putin, Tramp va Zelenskiy uchrashuvini rad etdi
Olam
−
03 iyun 5980 2 daqiqa
Rossiya, AQSH va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin, Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning uch tomonlama uchrashuvi yaqin kelajakda bo‘lishi dargumon. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Ochig‘ini aytsam, bu yaqin kelajakda dargumon. Chunki Prezident Putin bir necha bor yuqori darajadagi aloqalarga tayyorligini ta’kidlab, bu aloqalar texnik darajada, ekspertlar darajasida ishlab chiqiladigan kelishuvlar natijasi bo‘lishi kerakligini qayd etgan. Shuning uchun Prezident Putin bu aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq ularga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish kerak, deb hisoblaydi”, dedi Peskov.
Kecha, 2 iyun kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt AQSH Prezidenti Donald Tramp Putin va Zelenskiy bilan Turkiyadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning uchinchi raundida uchrashishga tayyor ekanini aytgandi.
“Prezident Tramp agar gap shu haqida ketsa, bunga ochiq, biroq birinchi navbatda u bu ikki yetakchi va har ikki tomonning muzokaralar stoliga o‘tirishini istaydi”, deya ta’kidladi Livitt.
O‘sha kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Putin, Zelenskiy va Trampning iyun oyi oxirida Istanbul yoki Anqarada uchrashishini taklif qilgan edi. Turkiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng so‘zlagan Erdo‘g‘on uning “eng katta orzusi” shunday uchrashuv bo‘lishini ta’kidladi.
“Men hatto Trampni taklif qilmoqchiman”, degan Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an, agar yetakchilar Turkiyada yig‘ilsa, “Ular bilan ham shu formatda uchrashishini”, “Istanbulni dunyoning markaziga aylantira olishini” qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 2 iyun kuni Istanbulda Chirag‘an saroyida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina tomoniga Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchilik qildi. Uchrashuv yopiq formatda o‘tkazildi.