Kreditdan ulush talab qilgan bank mulozimlari ushlandi
3-sahifa
−
19 iyun 4666 1 daqiqa
Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida jami qariyb 3,5 milliard kredit ajratib berish evaziga ulush talab qilgan bank xodimlari qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat banki BXM boshlig‘i R.S. tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro F.R.ning ishonchiga kirib, unga 2,5 milliard so‘m kredit ajratib berishni va’da qilgan. Buning evaziga ushbu kredit miqdorining 5 foizini, ya’ni 125 million so‘mini oldindan berishini aytib, ushbu pul hisobidan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida ham tijorat banki BXM boshlig‘i D.I. “D.D.” MCHJ rahbari D.M.ga 75 000 AQSH dollari kredit mablag‘i ajratib berganligi evaziga olgan 2 150 AQSH dollari hisobidan 10,7 million so‘mini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida mansab vakolatini suiiste’mol qilib, fuqarolardan pul talab qilgan ikki nafar mansabdor shaxs qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi