Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallalarda sodir etilmoqda
Jamiyat
−
05 mart 4544 2 daqiqa
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda. Bu haqda bugun, 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p.
Shuningdek, tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritishdan nariga o‘tmayotgani, ularning muhokamasi ham, javobi ham quruq rasmiyatchilik ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat hokimlari rahbar bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining ishi ham juda sustligi, faoliyati tuman, mahalla bilan bog‘lanmagani uchun natija yo‘qligi qayd etildi. Parlament mas’ul qo‘mitalarining ham o‘rni sezilmayotgani aytildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibini to‘liq yangilash, ularga rais etib viloyat xalq deputatlari kengashi raislarini tayinlash taklif etildi.
Hududiy kengashlar insongacha tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berish uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerakligi ta’kidlandi.
Kengashlar har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamayganini ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi