KXDR Janubiy Koreya qurgan ramziy binoni buzib tashlayapti
Olam
−
13 fevral 12289 2 daqiqa
KXDR Kimgansan turistik zonasidagi Janubiy Koreya mablag‘lari hisobiga qurilgan va mamlakatlar bo‘linib ketishi oqibatida ajralgan oilalar uchrashishi uchun mo‘ljallangan binoni buzish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Janubiy Koreya Birlashish vazirligi rasmiy vakili Ku Byon Sam ma’lum qildi.
“Biz buzish bo‘yicha bir tomonlama harakatlar sababli chuqur afsusdamiz. Shimoliy Koreyani bu ishni to‘xtatishga qat’iy chaqiramiz”, deydi Ku Byon Sam
Seul barcha oqibatlar uchun mas’uliyatni Pxenyanga yuklamoqda.
“Biz huquqiy choralar ko‘rish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish kabi zaruriy tadbirlarni ko‘rib chiqamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Ku Byon Sam.
Qayd etilishicha, Kimgansan turistik zonasida Janubiy Koreya tomoniga tegishli bo‘lgan yagona buzilmay qolgan ushbu bino ajralgan oilalar joylashuvi uchun mo‘ljallangan majmua bo‘lgan. Ilgari ushbu kurort Seul va Pxenyan o‘rtasidagi hamkorlik ramzi sifatida qaralgan. Qolgan binolar esa buzib tashlangan.


Ma’lumot uchun, so‘z borayotgan mazkur bino 2008 yilda qurilgan bo‘lib, uning byudjeti 35,2 million dollarni tashkil etgan. U Koreya urushi (1950–1953) oqibatida 38-parallel bo‘ylab ajralib qolgan oilalar uchrashuvi va joylashuvi uchun mo‘ljallangan edi. 2024 yil oxiriga kelib, Janubiy Koreya hukumati KXDRda qolgan qarindoshlari bilan uchrashishni istagan 36,9 ming janubiy koreyalik fuqaro mavjudligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pxenyan o‘z hududida urib tushirilgan Janubiy Koreya uchuvchisiz uchog‘i topilganini da’vo qilgandan so‘ng, Shimoliy Koreya Seulni “jiddiy harbiy provokatsiya”da ayblagandi. KXDR Mudofaa vazirligi vakili keyingi safar mamlakat hududini harbiy yo‘l bilan buzish “urush e’lon qilish” sifatida baholanishi va “zudlik bilan javob zarbasi”ga olib kelishi bilan tahdid qilgan.
Live
Barchasi