Kiyev Rossiya yozgacha Ukraina mudofaasini yorib o‘tishidan xavotirda – “Bloomberg” 

Olam

image

Ukraina rasmiylari joriy yilning yozigacha Kiyevning ittifoqchilari o‘q-dorilar yetkazib berishni sezilarli darajada oshira olmasa, Rossiya Qurolli kuchlarining hujumi sezilarli darajada kuchayishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Ular rossiyaliklarning Ukraina Qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tish xavfini ko‘rmoqda. Bu haqda Ukraina rasmiy organlari tahlillari bilan tanish bo‘lgan manbaga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kiyevning jang maydonidagi vaziyatga bahosi ayanchli bo‘lib bormoqda. Bunga sabab esa Ukraina bo‘linmalarining Rossiya hujumlarini ushlab turish uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan o‘qlar sonini cheklashi zarurligidir. Ukraina sharqidagi Avdeyevka va yana bir qancha qishloqlarning boy berilgani, shuningdek, Kongress AQSHning muhim yordamini kechiktirgani Ukraina mudofaasi Rossiya hujumiga dosh bera olmasligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan. 

“Bu Kiyevning ittifoqchilari uchun ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak”, deya iqtibos keltiradi agentlik nomi oshkor etilmagan yevropalik amaldorning so‘zlaridan.

Manbaga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hamon Ukrainaning yirik shaharlarini, jumladan Kiyev va Odessani qo‘lga kiritishga intilmoqda. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Odessaning bosib olinishi Putinga Ukrainadan g‘alla eksportini to‘xtatishga va Kishinyov bilan qarama-qarshilikda Rossiya Federatsiyasidan himoya so‘ragan Pridnestroviyaga kirishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining joriy harbiy kampaniya natijalari yozda Ukraina mudofaasini yorib o‘tish uchun sekin hujumni davom ettirish yoki kattaroq zarba berish uchun resurslarni to‘plash to‘g‘risida qaror qabul qilinishini ko‘rsatadi. 

“Ikki yillik urush Rossiya kuchlarini toliqtirib yubordi, shu bois keng ko‘lamli hujum Kreml uchun muammo bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joizki, kecha, 29 fevral kuni Rossiya Prezidenti Federal Majlisga murojaati chog‘ida "rossiyaliklarning mutlaq ko‘pchiligi" u Ukrainaga qarshi boshlagan urushni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bundan tashqari, u Ukraina hududiga xorijiy qo‘shinlar yuborilsa, “fojiali oqibatlarga olib kelishi” bilan tahdid qildi va G‘arbni “Ukraina, Yaqin Sharq va dunyoning boshqa mintaqalarida mojarolarni qo‘zg‘atayotganlikda” aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing