Kirkni o‘ldirishda gumonlangan shaxs qo‘yib yuborildi (video)
Olam
−
11 Sentabr 2025 9418 2 daqiqa
Kecha, 10 sentyabr kuni Turning Point USA notijorat tashkiloti rahbari va AQSH Prezidenti Donald Tramp tarafdori Charli Kirkning o‘ldirilishi ortidan gumonlanuvchi qo‘lga olindi. U so‘roq qilingach, qo‘yib yuborildi. Bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosi rahbari Kash Patel ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu qotillik bo‘yicha tergov davom etmoqda va jarayon shaffoflik bilan yoritib boriladi.
Shu bilan birga, Yuta shtati Jamoat xavfsizligi komissari Bo Meyson qotil hanuz ozodlikda ekanini aytib, u haqida ma’lumotlar faqatgina kuzatuv kameralaridan olinganini qo‘shimcha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi qora kiyimda bo‘lgan va uzoq masofadan, ehtimol, tomdan o‘q uzgan.
Yuta shtati gubernatori Spenser Koks ham so‘roq qilingan shaxs haqida ma’lumot bergan. Dastlab universitet hududida yoshi katta erkak qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgan edi, biroq keyin u hujumchi emas, balki maxsus xizmatlarga to‘sqinlik qilgani uchun ushlangani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 sentyabr kuni 31 yoshli Charli Kirk Yuta shtatida, universitetdagi nutqi chog‘ida bo‘ynidan o‘q yeb, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp uning vafot etganini e’lon qilib, mamlakat bo‘ylab bayroqlarni tushirishni buyurgandi.
Charli Kirk kim edi?
31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos soldi. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qiladi. Bugungi kunda Turning Point USA’ning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud.
Kirk mamlakat bo‘ylab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. U Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda muhim rol o‘ynagan, ayniqsa, Arizonada ko‘p minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning shtatdagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun muhim shaxs sifatida tilga olgan.
Ma’lumot uchun, Kirkning ayoli va ikki farzandi bor edi.