Kirkni o‘ldirishda gumonlanayotgan 22 yoshli yigit kim?
Olam
−
12 Sentabr 19762 2 daqiqa
AQSHning Yuta shtatida konservativ faol, Prezident Donald Trampning ashaddiy tarafdori Charli Kirkni o‘ldirishda gumonlanayotgan 22 yoshli Tayler Robinson hibsga olindi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Rasmiylar Kirkning o‘ldirilishini “siyosiy suiqasd” deb tasvirlar ekan, hodisa joyida topilgan miltiq va o‘q-dorilarda antifashistik xabarlar o‘yib yozilganini aniqladi. Robinson ishlatgan va universitet yaqinidagi o‘rmonzorga tashlab ketgan miltiqning o‘q gilzalaridan “O bella chao, bella chao, bella chao, chao, chao” degan so‘zlar topilgan bo‘lib, bu italyancha antifashistik qo‘shiqqa ishora qiladi.
“Uning oila a’zolaridan biri tergovchilarga Robinson so‘nggi yillarda ko‘proq siyosiylashgani va ayniqsa, Kirkka qarshi chiqqani haqida aytgan”, dedi Yuta shtati gubernatori Spenser Koks bugun, 12 sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Koksning aytishicha, 11 sentyabr kechasi Robinsonning qarindoshlaridan biri oilaviy do‘stiga murojaat qilgan va o‘sha do‘st Vashington okrugi sherifi idorasiga xabar bergan. Robinson “yaqinlariga jinoyatni sodir etganini tan olgan yoki shunga ishora qilgan”.
Koksning so‘zlariga ko‘ra, Robinsonning qarindoshlaridan biri tergovchilarga yaqindagi oilaviy kechki ovqatda u Kirkning Yuta Vodiysida bo‘lib o‘tadigan tadbiri haqida gapirganini, “Kirkni nega yoqtirmasligini va uning qarashlari haqida munozara qilganini” aytgan.
FQB direktori Kash Patelning ta’kidlashicha, Robinson kecha, 11 sentyabr kuni kechki soat 10:00 atrofida, 33 soatlik qidiruvdan so‘ng qo‘lga olingan.
Saylov ro‘yxatlariga ko‘ra, Robinson partiyaga a’zo bo‘lmagan saylovchi sifatida qayd etilgan, lekin u “faol bo‘lmagan” saylovchi sifatida ko‘rsatilgan – ya’ni, oxirgi ikki umumiy saylovda ovoz bermagan.
Robinson Yuta shtatidagi Vashington shahrida o‘sgan va Robinson 2021 yilda Sent-Jorjdagi Pine View maktabini tugatgan. U o‘rta maktabdagi yaxshi ta’lim natijalari uchun Yuta Davlat Universitetiga grant yutib olgan, ammo universitetda bir semestrdan keyin o‘qishni tashlab ketgan.

Ijtimoiy tarmoqdagi suratlarda Robinson so‘nggi paytda politsiya tarqatgan gumonlanuvchi tasvirlaridagi kabi kulrang Converse oyoq kiyimi va ko‘zoynak taqqani ko‘rinadi.
Live
Barchasi