Kipr atrofida keskinlik: Yevropa davlatlari harbiy kuch yubormoqda
Olam
−
03 mart 6073 3 daqiqa
Eron ishlab chiqargan uchuvchisiz uchish apparatlari Kiprdagi Buyuk Britaniyaning “RAF Akrotiri” harbiy bazasini nishonga olgan edi. Hujum oqibatida samolyot angarlaridan biriga yengil zarar yetgan, yana ikki dron esa havoda urib tushirilgan. Rasmiylarga ko‘ra, qurilmalar Livan hududidan uchirilgan va ehtimol “Hizbulloh” harakati bilan bog‘liq. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Hodisadan so‘ng Gretsiya, Fransiya va Germaniya Kiprni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan. Gretsiya to‘rtta qiruvchi samolyot va ikki harbiy kemani jo‘natdi. Fransiya esa harbiy kema bilan birga dron va raketalarga qarshi qo‘shimcha mudofaa tizimlarini yuborishini tasdiqladi.
Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis bu harakatlarni Afina va Nikosiya o‘rtasidagi “Yagona mudofaa doktrinasi”ning ishga tushirilishi deb baholagan. U Yevropa davlatlarining tezkor birdamligi zarurligini ta’kidlab, bu YeI qanday javob berishi kerakligiga amaliy misol bo‘lishini urg‘ulagan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Kiprdagi bazalar AQSHning Eron bilan bog‘liq harbiy amaliyotlarida foydalanilmasligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur bazalar bunday operatsiyalar uchun mos emas. O‘rta Yer dengizidagi vaziyat esa Yevropa xavfsizlik masalalarida yangi bosqich boshlanayotganini ko‘rsatmoqda.
AQSH–Isroil–Eron urushi
28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi