Kim Rossiya armiyasida xizmat qilgan askarlarni taqdirladi

Olam

image

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Kursk viloyatida harbiy amaliyotlarda qatnashgan Shimoliy Koreya xalq armiyasi askar va qo‘mondonlarini mukofotlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning Markaziy davlat axborot agentligi xabar berdi.

Tadbir Pxenyanda, Koreya Mehnat partiyasi Markaziy Qo‘mitasi qarorgohida bo‘lib o‘tgan. 

Kim Chen In nutqida xorijdagi harbiy operatsiyada qatnashganlarni “tarixga muhrlanadigan buyuk qahramonliklarni amalga oshirdi” deb ta’kidlagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Koreya xalq armiyasi jangchilari mamlakatning mavjudligi va taraqqiyoti uchun mustahkam kafolat yaratgan. U, shuningdek, KXDR Qurolli kuchlari butun dunyo e’tiborini tortgani va “xalq armiyasining qudratini isbotlaganini” qayd etgan. 

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, xorijdagi harbiy amaliyotning muvaffaqiyatli yakunlanishidagi asosiy omil – xalq ommaviy qahramonligi bo‘lgan.

Xabarga ko‘ra, marosimda askar va qo‘mondonlarga KXDRning eng yuqori davlat mukofotlari, jumladan, “KXDR Qahramoni” unvonlari topshirilgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning 19 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida mamlakatlar strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Unga ko‘ra, mamlakatlardan biriga hujum qilingan taqdirda ular bir-biriga harbiy yordam ko‘rsatishga majbur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashgan va davlat mukofotlarini olish uchun uyiga qaytgan Koreya xalq armiyasining xorijdagi operativ kuchlarining yetakchi qo‘mondonlarini qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya Kursk Pxen'yan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing