Kim Pxenyandagi so‘nggi harbiy o‘zgarishlarni tekshirdi
Olam
−
13 Sentabr 4237 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyandagi Mudofaa institutlariga tashrif buyurib, eng yangi harbiy texnologiyalar, jumladan, zirhli va faol mudofaa tizimlarining rivojlanishi bilan tanishdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Kim Chen In 11 va 12 sentyabr kunlari Milliy Mudofaa Akademiyasi qoshidagi Zirhli mudofaa qurollari ilmiy-tadqiqot instituti va Elektron qurollar ilmiy-tadqiqot instituti ishini nazorat qildi. Institut va tank konstruktorlik byurosining qo‘shma tadqiqotlari natijasida yaratilgan asosiy texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha ma’ruzasini tingladi.
“O‘rtoq Kim Chen In zirhdan mudofaa sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, jumladan, maxsus kompozit zirhlarni ishlab chiqish, amalga oshirishning yakuniy bosqichidagi faol mudofaa tizimini sinovdan o‘tkazish, havodan hujumlarni qaytarish uchun himoya tuzilmalarining turli loyihalari bilan atroflicha tanishdi”, deyiladi agentlik xabarida.
U avvalroq raketa ishlab chiqarishni ko‘zdan kechirgan va harbiy mashqlarni kuzatgan edi. Agentlikning ta’kidlashicha, mutaxassislar quyidagilar ustida ishlamoqda:
- Maxsus kompozit zirh yaratish;
- faol himoya tizimining sinovlarini yakunlash;
- havo hujumlariga qarshi mudofaa tuzilmalarini mustahkamlash uchun turli loyihalar.
KXDR yetakchisi yo‘naltirilgan infraqizil nurlanish va radioshovqinlar uchun uskunalar, shuningdek, faol va passiv mudofaa tizimlarining muvaffaqiyatli yaratilishi va joriy etilganini yuqori baholadi va bu “mamlakat zirhli kuchlarining jangovar qobiliyatini favqulodda oshirayotganini” ta’kidladi.
Shu kuni frontal, yon va yuqori qismlardan o‘q otishda eng yangi faol himoya tizimining keng qamrovli sinovlari o‘tkazilgan. Keyin Kim Chen In tegishli ko‘rsatmalar ham berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya uglerod tolalari bilan mustahkamlangan kompozit materialdan foydalangan holda qattiq yonilg‘i bilan ishlaydigan raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazgandi.