Kim Chen Inning qizi Xitoyda xalqaro debyut qildi
Olam
−
03 Sentabr 9326 3 daqiqa
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In shu hafta Pekinga o‘zining o‘smir qizini olib keldi. Bu uning xorijdagi ilk ommaviy chiqishi bo‘lib, yadroviy qurollangan davlatdagi sulolaviy hukmdorlikda u otasining ehtimoliy vorisi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Sirli Shimoliy Koreya hech qachon uning ismi yoki yoshini oshkor etmagan, ammo Janubiy Koreya razvedkasi uni 2013 yilda Kim oilasi bilan vaqt o‘tkazgani va uni chaqaloq paytida qo‘liga olgan amerikalik sobiq basketbolchi Dennis Rodman tomonidan Chju E deb tanishtirilgan qiz deb hisoblaydi.
U otasi bilan birga Pxenyandan Xitoy poytaxti Pekinga kechasi poyezdda kelganda va Kim Chen In bugun, 3 sentyabr kuni Xitoy tomonidan Tinch okeanidagi Ikkinchi jahon urushi tugashini nishonlash uchun tashkil etilgan ulkan harbiy paradda qatnashganda uning orqasida ko‘rindi.
“Hozircha Chju E Shimoliy Koreyaning keyingi oliy rahbari sifatida asosiy nomzod. U amaliy diplomatik tajriba orttirayapti, bu unga keyingi rahbar yoki elita qatlamining asosiy a’zosi sifatida foyda beradi”, dedi AQSHdagi Stimson markazi eksperti, Shimoliy Koreya rahbariyati bo‘yicha mutaxassis Maykl Medden.
Bu uning Kim Chen In bilan Shimoliy Koreyadan tashqariga ilk safarga chiqishi bo‘ldi. Meddenning ta’kidlashicha, bunday tajribani na otasi, na ta’sirchan ammaci hech qachon olmagan.

“U xorijiy rahbarlar va boshqa elita vakillari bilan salomlashish va muloqot qilish bo‘yicha qimmatli tajriba orttirayapti,” dedi u.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, Kim Chen In hech qachon otasi Kim Chen Ir bilan xorijga chiqmagan. Kim Chen Ir esa 1950 yillarda o‘z otasi, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen bilan safar qilgan.
Shimoliy Koreyaning qattiq nazorat qilinadigan davlat OAVi 2022 yilda Chju E otasi bilan birga ulkan qit’alararo ballistik raketa uchirilish marosimida ko‘rsatilgunga qadar Kimning bolalari haqida hech narsa oshkor etmagan edi. Hanuzgacha Kim Chen Inning boshqa farzandlari haqida deyarli ma’lumot yo‘q.
Janubiy Koreya razvedkasi Chju Eni hozircha eng ehtimoliy voris deb hisoblamoqda, garchi u erkaklar hukmron sulolada haqiqatan ham yetakchiga aylana oladimi, degan savollar mavjud bo‘lsa-da.
Taxminan 13 yoshlar chamasida deb baholangan Chju E oxirgi paytlarda diqqat markazidagi tadbirlarda qatnashib kelmoqda. May oyida Rossiya elchixonasi tadbirida u diplomatik debyutini ham amalga oshirdi.
“Uning ommaviy chiqishlari yillar davomida harbiy ob’ektlardan siyosiy va iqtisodiy tadbirlargacha kengaydi. Agar bu vorislik kampaniyasining bir qismi bo‘lsa, u holda bu, albatta, unga yordam beradi, chunki bu Chju Ening xalqaro sahnadagi debyuti sifatida qabul qilinadi”, dedi Stimson markazi tadqiqotchisi Reychel Min’yong Li.
Lining ta’kidlashicha, hali bu tashrif Chju E Kim Chen Inning aniq vorisi ekanini anglatadi, deb aytishga erta. Ammo bu uning dunyoqarashini kengaytirishi mumkin.