Xorijliklar O‘zbekistonda masofadan turib biznes ochishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
07 iyul 1627 2 daqiqa
Xorijiy IT-mutaxassislar O‘zbekistonda masofadan turib biznes ochishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, taqdimotda AT sohasi eksporti va startaplar ekotizimini rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqilgan. 2030 yilgacha AT eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish va 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Xalqaro “StartupBlink” reytingida O‘zbekiston 31 pog‘ona yuqorilab, dunyodagi eng tez o‘sayotgan startap ekotizim sifatida baholangani, Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida 1-o‘rinni egallagani, Samarqand va Farg‘ona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgani qayd etilgan.
Bu borada “Talent Hub” dasturi ishga tushirilishi belgilangan. U orqali xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyati yaratiladi. IT-Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040 yilgacha uzaytirish, “IT visa” va “Zero Risk” dasturlarini kengaytirish taklif qilingan.
Shuningdek, AT eksportchi korxonalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash kabi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Buxoro va Farg‘onada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ham takliflar taqdim etilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust