Xorij bozoriga chiquvchi startap loyihalar 2 mlrd so‘mgacha mablag‘ olishi mumkin
Olam
−
18 fevral 2025 2112 2 daqiqa
O‘zbekistonda xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan startap loyihalarga 2 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Prezidentning 14 fevral kuni qabul qilingan “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan nufuzli tanlovlarda g‘olib (sovrindor) bo‘lgan startap loyihalarga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha venchur jamg‘arma tomonidan 2 milliard so‘mgacha investitsiya mablag‘lari ularning ustav fondiga ulush sifatida kiritish orqali ajratiladi:
- istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori bo‘lgan namunaviy modelni ishlab chiqish jarayonidagi startap loyihaga – 500 million so‘mgacha;
- O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startap loyihaga – 1 milliard so‘mgacha;
- xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan startap loyihaga – 2 milliard so‘mgacha.
Savdo-sanoat palatasi hamda joylardagi hokimliklar:
- Jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan biznes loyihalarning rivojlanishiga ko‘maklashish uchun shaxsan mas’ul etib belgilanadi;
- har chorakda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi biznes loyihalarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga takliflar kiritib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilishi va jamg‘arma mablag‘lari belgilangan manbalar hisobidan 100 million AQSH dollari ekvivalentiga teng summaga yetkazilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi