Xorazmda “Xalqaro kamondan otish va milliy o‘yinlar festivali” o‘tkaziladi
Sport
−
09 iyul 2019
3523Oldinroq, joriy yilning kuz faslida Xorazmda etnosport bo‘yicha yirik xalqaro festival o‘tkazilishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. Kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek Imomovning QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, ushbu festivalning o‘tkazilish sanasiga aniqlik kiritilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur “Xalqaro kamondan otish va milliy o‘yinlar festivali” joriy yilning 6-8 sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Etnofestivalning asosiy maqsadi yo‘qolib borayotgan o‘zbek milliy o‘yinlarini tiklash, ularni keyingi avlodga yetkazishga qaratilgan. Katta qiziqishga sabab bo‘layotgan mazkur tadbirga tayyorgarlik hozirdanoq boshlab yuborildi. Ushbu festivalni yuqori saviyada tashkillashtirish maqsadida bugun Milliy olimpiya qo‘mitasiga Butunjahon etnosport konfederatsiyasi vakillari Yasin Tutunju hamda Salix Aksu tashrif buyurishdi. Ularni MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov qarshi oldi.
“Xush kelibsizlar. Kamondan otish tarixdan ota-bobolarimizning sevimli mashqi bo‘lib kelgan. Birgalikda mana shunday sport turlarini tiklayotganimizdan mamnunman. Mazkur tadbirni o‘tkazish uchun Xiva shahri tanlab olingani ham bejiz emas. Bu shahar “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomi bilan YUNESKO qaramog‘iga kiritilgan. Mana shunday joyda milliy o‘yinlarimizni targ‘ib qiluvchi festival o‘tkazish esa yo‘qolib borayotgan qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida qilingan foydali va samarali ishdir. Bu yilgi tadbirda faqat o‘zbek milliy o‘yinlarini olib chiqish rejalashtirilgan. Ammo buni kelajakda qo‘shni va qardosh xalqlarning qadriyatlarini, o‘yinlarini birlashtiruvchi festivalga aylantirish niyatidamiz”, – dedi Jasur Matchanov.
O‘z navbatida xalqaro ekspert ham festivalga olib borilayotgan tayyorgarlikka yuqori baho berib, aytib o‘tilgan takliflarga o‘z fikrini bildirdi.
“Haqiqatdan ham tarixiy tadbir oldida turibmiz. Bu hamkorligimizning boshlanishi. Nasib qilsa, bundan ham yirik loyihalar ustida ish olib boramiz. O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi vakillari menga musobaqa o‘tkazish yuzasidan tayyorlangan taqdimotni ko‘rsatishdi. Haqiqatdan ham juda chiroyli joy tanlab olingan. Bunday festivallarni o‘tkazish yosh avlodga tarixini anglash uchun xizmat qiladi. Dunyoda sanoqli mamlakatlargina bunday tadbirlar o‘tkazishadi. Yaqinda Istambul shahrida ham bu ish yo‘lga qo‘yildi. Natijada yuz minglab yoshlar yo‘qolib ketayotgan milliy o‘yinlari haqida ma’lumot olishdi va ularni o‘ynay boshlashdi”, – dedi Yasin Tutunju.
Uchrashuv mobaynida festivalni o‘tkazish bo‘yicha tayyorlangan taqdimot keng muhokama qilinib, u bo‘yicha fikrlar almashildi. Ta’kidlash joiz, mazkur festival doirasida barcha viloyatlarimizda bo‘lgan milliy o‘yinlar “jonlantiriladi” va muxlislar e’tiboriga havola qilinadi. Ushbu tarixiy voqelik doirasida kamondan tik holatda va ot ustida nishonni poylash, kurash va boshqa ko‘plab sport turlari bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi