Xonimlar va janoblar! Oliy sud plenumi qarorlari qachongacha qog‘ozda qolib ketadi?
Jamiyat
−
01 aprel 2021 5116 5 daqiqa
Xabaringiz bor, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Jamshid Shoshiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning QALAMPIR.UZ’ga murojaati asosida jurnalistik surishtiruv olib borilgan edi.
“INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli “Askiya City” noqonuniy qurilayotgani haqida Qurilish vazirligi, Yakkasaroy tuman hokimligi vakili ham o‘z munosabatini bildirib, ushbu qurilma haqiqatan noqonuniy ekanini tasdiqlagandi.
Avval xabar berganimizdek, 25 fevral kuni Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudida, sudya Dilbar Xayrullayeva raisligida mazkur qurilma bo‘yicha sudga oshirilgan ish ko‘rilishi boshlangandi.
Joriy yilning, 26 mart kuni esa raislik etuvchi Xayrullayeva voqea joyiga chiqib, sayyor sud o‘tkazgani, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova sud majlisida ishtirok etgani, tomonlar rozi bo‘lishlariga qaramay, Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudi sudyasi Dilbar Xayrullayeva jurnalistga foto va videoga olish moslamalaridan foydalanishga ruxsat bermagani, faqat ovoz yozib olishga rozilik bergani, nafaqat sayyor sud, balki shu kunga qadar ushbu ish yuzasidan bo‘lib o‘tgan bir nechta sud majlislarida ham faqat audioga rozilik bildirib kelayotgani, nima uchun videoga olishga ruxsat berilmagani haqida aniq tushuntirish va asos keltirilmagani haqida “Sudyalar qachon OAV bilan ishlashni o‘rganadi? Xonim Xayrullayevaga ochiq xat!” nomli maqola e’lon qilingan edi.
Ushbu maqoladan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:
“Da’vogar – Yakkasaroy tuman hokimiyati javobgar - “INSOFT INVEST” MCHJga nisbatan Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Jamshid Shoshiy 2-tor ko‘chasi, 5-uy manzilida o‘zboshimchalik bilan qurilayotgan ko‘p qavatli noqonuniy qurilmani hamda “Askiya” va “Shohjahon” ko‘chalari kesimida o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 9 fevraldagi ajrimi bilan da’vo arizasi ish yurituviga qabul qilingan. Ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hamda Toshkent shahar qurilish Bosh boshqarmasi ham jalb etilgan.
2021 yil 26 mart kuni sayyor sud majlisida QALAMPIR sayti muxbiri nizo bo‘yicha ushbu manzilda yashovchi fuqarolarning shikoyat arizalari mavjudligini bildirib, ochiq sud majlisi jarayonini videotasvirga olishga ruxsat so‘ragan.
Sud tomonidan ish bo‘yicha taraflarning roziligi so‘ralganida, da’vogar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi vakillari iltimosnomaga e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilgan. Biroq javobgar vakili S. Ismailov esa videoyozuvga olinishiga e’tiroz bildirgan.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 165-moddasi 3-qismiga ko‘ra, sud tashabbusiga ko‘ra yoki taraflarning iltimosnomasiga asosan sud majlisining audio yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 165-moddasi 5-qismiga asosan, iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Qalampir nashri xodimining iltimosnomasi sud majlisida muhokama qilinib, javobgar vakili S.Ismailovning e’tirozini inobatga olgan holda qanoatlantirish rad etilgan.
Shuningdek, QALAMPIR vakiliga Iqtisodiy protsessual kodeksining 165-moddasi 5-qismiga asosan sud majlisida ovoz yozib olish, ya’ni audioyozuvdan foydalanish huquqi mavjudligi tushuntirilgan.
Iltimosnoma muhokamasi jarayonida taraflardan birining “videotasvirga qarshiligim yo‘q, ammo tasvirda men ko‘rinmasam bas” mazmunidagi gapi uning jarayon tasvirga olinishiga to‘la rozi ekanini anglatmaydi. Aynan shunga asosan iltimosnoma rad etgan.
Sud majlisi 2021 yil 6 aprel kuni soat 15.30 da davom ettiriladi. Unda sud majlisini videoyozuvga olish to‘g‘risida iltimosnoma yana taqdim etilsa, belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etiladi.
Oliy sud tomonidan keltirilgan vajlarni tahlil qilsak:
1. “Sud tomonidan ish bo‘yicha taraflarning roziligi so‘ralganida, da’vogar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi vakillari iltimosnomaga e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilgan. Biroq javobgar vakili S. Ismailov esa videoyozuvga olinishiga e’tiroz bildirgan”.
Tahririyat: Sayyor sudda javobgar vakili S.Ismailov videoga olish uchun to‘liq e’tiroz bildirmagan. Aksincha, videoda men ko‘rinmasam bo‘ldi, e’tirozim yo‘q deb aytgan edi. Qo‘limizda buni isbotlovchi audioyozuv mavjud (audio ilova qilinadi).
2. “Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi”.
Tahririyat: Mutlaq haqsiz, lekin tomonlar roziligi bilan sudning har bir protsessual harakatlari ajrim orqali asoslantirilib borilishi kerak. Shu kunga qadar birorta ajrim OAV yoki murojaatchilar advokatiga taqdim etilmagan.
3.“QALAMPIR nashri xodimining iltimosnomasi sud majlisida muhokama qilinib, javobgar vakili S. Ismailovning e’tirozini inobatga olgan holda qanoatlantirish rad etilgan.
Iltimosnoma muhokamasi jarayonida taraflardan birining “videotasvirga qarshiligim yo‘q, ammo tasvirda men ko‘rinmasam bas” mazmunidagi gapi uning jarayon tasvirga olinishiga to‘la rozi ekanini anglatmaydi. Aynan shunga asosan iltimosnoma rad etgan”.
Tahririyat: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandida shunday deyiladi:
“Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi”.
Xonim Xayrullayeva va QALAMPIR.UZ’ga e’tiroz bildirayotganlar Oliy sudi plenumi qarorining yuqoridagi bandini yo o‘qimagan, yo o‘qisa ham amal qilmaydi. Bugungacha bizga ko‘plab sud majlislarida, jumladan xonim Xayrullayeva raisligidagi sudda ham foto va video moslamalardan foydalanishimizga taqiq qo‘yilgan. Ammo birorta sud majlisida nima asosda videotasvirga olishga ruxsat berilmagani haqida aniq fakt bilan, asoslantirilgan yozma ajrim kiritmagan. Holbuki, nima sababdan e’tiroz bo‘layotgani haqida sud majlisining o‘zida ajrim chiqarilishi va OAV vakiliga taqdim etilishi shart. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddosida “Qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari barcha sudlar, shuningdek ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir”, deb belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi masalalar bo‘yicha Oliy suddagi xonimlar va janoblar tilga kirishini kutamiz.
Live
Barchasi