Xomanaiyning qarorgohi yer bilan yakson qilindi
Olam
−
18:53 6519 3 daqiqa
Bugun, 28 fevral kuni Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning Tehrondagi qarorgohi Isroil zarbalari oqibatida butunlay vayron qilingan. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashr Airbus Defence and Space kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan aerofotosuratlarni e’lon qilgan. Kadrlarda vayron bo‘lgan bino muhrlangan. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, ob’ekt Isroil harbiy-havo kuchlarining zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, Xomanaiyning o‘zi jabrlanmagan, u avvalroq xavfsiz joyga olib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda 86 yoshli Homanaiy deyarli jamoatchilikka ko‘rinish bermagan. 2025 yil iyun oyida Isroil tomonidan yuqori lavozimli amaldorlar va strategik ob’ektlarga qarshi amalga oshirilgan hujumlardan so‘ng ham u xavfsizlik nuqtai nazaridan yer osti bunkeriga ko‘chirilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Oliy rahbar oxirgi 30 kun davomida ochiq maydonda umuman ko‘rinish bermagan.
“Ynet” nashriga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Homanaiy bilan uchrashadigan yuqori lavozimli amaldorlar ham uning joylashuvi sir tutilishi uchun ko‘zlari bog‘langan holda yer osti bunkeriga olib borilgan. Xabarlarda ta’kidlanishicha, hatto Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy ham Ummondagi muzokaralarga jo‘nab ketishidan oldin Oliy rahbar bilan uchrashuvga ko‘zlari bog‘langan holda borgan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi