Xomanaiy namoyishlarda minglab odamlar halok bo‘lganini tan oldi

Olam

image

Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida minglab odamlar halok bo‘lganini ilk bor tan oldi. Biroq u ularning o‘limida AQSHni aybladi. Bu haqda u televedeniye orqali yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi.  

“Isroil va AQSH bilan aloqasi bo‘lganlar katta zarar yetkazdi va bir necha ming odamni o‘ldirdi… Biz AQSH Prezidentini Eron xalqiga yetkazilgan qurbonlar, zarar va tuhmatlar uchun mas’ul bo‘lgan jinoyatchi deb hisoblaymiz”, deydi Xomanaiy.

Uning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp norozilik namoyishlari ishtirokchilarini qo‘zg‘atgan, jumladan, ularga harbiy yordam berishni va’da qilgan.

Eron Oliy yetakchisi, shuningdek, namoyishlarda qatnashgan shaxslar xorijdan keltirilgan jangovar qurollar bilan qurollanganini ma’lum qilgan, biroq bu qurollar qaysi davlatdan kelganiga aniqlik kiritmagan. Xomanaiy mamlakat hukumati nafaqat noroziliklarda qatnashganlarni, balki ularni qo‘zg‘atgan shaxslarni ham javobgarlikka tortish niyatida ekanini bildirgan.

“Biz mamlakatni urushga olib bormayapmiz. Ammo ichki huquqbuzarlarni jazodan ozod qilmaymiz, bundan ham yomoni – xalqaro huquqbuzarlar ham bor. Biz ularni ham tinch qo‘ymaymiz”, deydi u.

AQSHda joylashgan eronlik huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi norozilik namoyishlarini shafqatsiz bostirish oqibatida uch mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Ayrim boshqa huquq himoyachilar esa qurbonlar soni ancha ko‘p ekanini aytmoqda. Erondan ishonchli ma’lumot olish mamlakatda internet bloklangani sababli qiyinlashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning ayrim hududlarida iqtisodiy inqiroz fonida boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari davom etayotgan bir paytda internetga ulanish qisman tiklangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing