Xomanaiy ilk bor Erondagi notinch vaziyat haqida gapirdi (video)
Olam
−
03 yanvar 7627 2 daqiqa
Bugun, 3 yanvar kuni Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy birinchi marta mamlakatda bir haftadan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari haqida ochiq gapirdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oyatulloh Ali davlat televideniyesida so‘zlagan nutqida u voqealarni “ichki va tashqi dushmanlarning fitnasi” deb atagan va “tartibsizliklarni qo‘zg‘atuvchilar”ning harakatlariga qattiq qarshilik ko‘rsatishni talab qilgan.
“Biz dushman oldida chekinmaymiz. Biz dushmanni tiz cho‘ktiramiz. Milliy valyutaning qadrsizlanishi va beqaror valyuta kursi tufayli bozor savdogarlarining norozilik namoyishlari oqlanadi, ammo qo‘zg‘atuvchilarni o‘z o‘rniga qo‘yish kerak ”, degan Eron Oliy rahnamosi.
AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklar agentligining xabar berishicha, norozilik namoyishlari allaqachon mamlakatning 31 viloyatidan 22 tasida 100 dan ortiq shahar va qishloqlarga tarqalgan. Inqirozga og‘ir iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgan: Eron riali bir dollarga taxminan 1,4 millionga tushgan, shu bilan birga rasmiylarning Isroil bilan urush va AQSHning Eron yadroviy inshootlariga zarbalaridan keyin iqtisodiyotni barqarorlashtirishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Vaqt o‘tishi bilan ko‘chalardagi shiorlar ochiqchasiga siyosiy tus olgan – namoyishchilar hozirgi rejimiga qarshi chiqmoqda va bir nechta shaharlarda merosxo‘r Shoh Rizo Pahlaviyning qaytishini talab qilmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, namoyishlarni tarqatish paytida kamida 10 kishi halok bo‘lgan.
Vaziyat keskinlashgan bir paytda AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eron rasmiylari “tinch namoyishchilarni o‘ldirsa”, Vashington aralashishi mumkinligi haqida ogohlantirgan, Tehron esa Yaqin Sharqdagi AQSH kuchlariga qarshi zarbalar bilan tahdid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflyatsiya fonida boshlangan besh kunlik norozilik namoyishlari chog‘ida 6 kishi halok bo‘lgani va 17 kishi jarohat olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi