Xitoydagi portlashda kamida 21 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
13:20 1875 2 daqiqa
Xitoyning Xunan viloyatida joylashgan pirotexnika zavodida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, 61 nafar odam jarohat oldi. Mamlakat raisi Si Szinpin ushbu fojea yuzasidan chuqur va tezkor tergov o‘tkazishni talab qilgan deb ma’lum qilindi davlat OAVda. Bu haqda “The Guardian” va “Reuters” nashrlari xabar berdi.
Hodisa 4 may kuni soat 16:40 atrofida Lyuyan shahrida sodir bo‘lgan. Bu hudud Chansha shahri ma’muriy nazorati ostida bo‘lib, pirotexnika ishlab chiqarish markazlaridan biri hisoblanadi. Portlash Huasheng Fireworks Manufacturing and Display Company hududida yuz bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda moviy osmon ostida ulkan tutun ustunlari ko‘tarilgani aks etgan. Hududdagi xavf yuqori bo‘lgani sababli, aholi evakuatsiya qilingan. Qutqaruv ishlariga qariyb 500 nafar qutqaruvchi jalb etilgan. Izlash va qutqarish ishlarida uchta robot ham ishlatilgani aytiladi manbada. Zavod hududidagi ikki dona qora porox ombori yuqori xavf manbai sifatida baholanib, atrofida 1 kilometrlik qutqaruv zonasi va 3 kilometrlik nazorat hududi tashkil etilgan.
Hukumat hodisa sabablarini o‘rganishni boshlagan. Korxona rahbari qo‘lga olinib, mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgani aytilmoqda. Si Szinpin portlash sabablarini aniqlash, aybdorlarni javobgarlikka tortish hamda sanoat tarmoqlarida xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, u aholi xavfsizligini ta’minlash va favqulodda holatlarga tayyorgarlikni oshirish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Xitoy dunyodagi pirotexnika mahsulotlarining asosiy eksportchisi bo‘lib, 2025 yilda 1,14 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. Shu bilan birga, joriy yil boshida ham oy bayrami davrida pirotexnika bilan bog‘liq ikki yirik portlash holati ham qayd etilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Hindistonda pirotexnika ishlab chiqarish korxonasida ham baxtsiz hodisa yuz berib, portlash oqibatida kamida 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi