Xitoyda uchuvchi shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi (video)

Bu qiziq

image

Xitoy dunyoda birinchi bo‘lib S1500 nomli 1 MVt quvvatga ega uchuvchi shamol elektr stansiyasini ishga tushirdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida Saw Energy Technology startapi ishlab chiqqan eng qudratli uchuvchi shamol turbinasining prototipi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan. Basketbol maydoni kattaligiga teng va 13 qavatli bino balandligidagi geliy bilan to‘ldirilgan havo platformasi generatorlarni 1000 metr balandlikkacha ko‘tarargan.

Sinov parvozlari joriy yilning 19-21 sentyabr kunlari o‘tkazilib, “yashil” texnologiyalar bo‘yicha Xitoyning yetakchiligini yana bir bor namoyon qilgan. Turbina birinchi bor tarixda 1 MVt elektr energiyasi ishlab chiqqan va barcha rejalashtirilgan vazifalarni bajargan. Ommaviy ishlab chiqarish 2026 yilda boshlanib, ilk qurilmalar elektr tarmog‘iga ulanadi.

S1500 sinovlari cho‘l sharoitida o‘tkazilib, konstruksiyani yig‘ish, bosimni tekshirish, kuchli shamollarda kun-tun ishlash va favqulodda vaziyatda yig‘ib qo‘yish jarayonlarini o‘z ichiga olgan. Qurilma, ayniqsa, tabiiy ofatlar vaqtida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lganda va uzoq hududlarni energiya bilan ta’minlashda muhim yordamchi bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha ishlab chiqarilayotgan energiyaning tannarxi yuqori, biroq ommaviy ishlab chiqarish natijasida narx kilovatt-soatiga 10 sentgacha tushishi mumkin.

An’anaviy shamol turbinalaridan farqli ravishda, S1500 baland minoralarga muhtoj emas. U geliyli havo qobig‘i yordamida generatorlarni 1500 metr va undan yuqoriga ko‘taradi. Elektr energiyasi yerga yuqori mustahkam kabel orqali uzatiladi, bu esa shamol energetikasida material sarfini 40 foizga, qurilma ishlab chiqarish xarajatlarini esa 30 foizga kamaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik olimlar Oy tuprog‘idan qurilish g‘ishtlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan dunyodagi birinchi mashina prototipini ishlab chiqqani haqida xabar berilgan edi. U Xefey shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ishlab chiqarish sanoati konferensiyasida taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy shamol elektr stantsiyasi S1500

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing