Xitoyda poyabzal fabrikasidagi yong‘inda kamida 28 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10 iyul 1058 2 daqiqa
Xitoyning janubi-sharqidagi Futszyan viloyatida joylashgan poyabzal fabrikasida chiqqan yong‘in oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar berdi.
Yong‘in kecha, 9 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida Futszyan viloyatining Szinszyan shahridagi “Huiteng” poyabzal ishlab chiqarish korxonasida sodir bo‘lgan. Ko‘p qavatli binoni alanga qamrab olgani oqibatida bir guruh ishchilar tomda qolib ketgan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in boshlangan vaqtda fabrikada jami 239 nafar kishi bo‘lgan. Ularning 213 nafari evakuatsiya qilingan. Shifoxonaga olib ketilgan ikki kishi keyinchalik vafot etgan. Ilgari bedarak deb hisoblangan yana 26 kishining jasadi topilgan.
Qayd etilishicha, Xitoy raisi Si Szinpin zudlik bilan keng ko‘lamli qutqaruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. U so‘nggi oylarda mamlakatda ishlab chiqarish korxonalarida bir qator halokatli baxtsiz hodisalar yuz berganini eslab, bu yong‘in ham katta qurbonlarga sabab bo‘lganini ta’kidlagan hamda aybdorlarni qonun asosida qat’iy javobgarlikka tortishni talab qilgan.
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, yong‘in fabrikaning birinchi qavatida boshlangan. Rasmiylar poyabzal ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan materiallar va xomashyolar o‘ta yonuvchan bo‘lgani uchun alanga juda tez tarqalganini bildirgan.
CCTV ma’lum qilishicha, korxonada saqlangan yopishtiruvchi moddalar va boshqa kimyoviy materiallar o‘tkir hid tarqatib, qutqaruvchilarning ko‘zlarini achishtirgan. Shuningdek, zinapoyalarda katta miqdorda turli buyumlar to‘planib qolgani qutqaruv va yong‘inni o‘chirish ishlarini qiyinlashtirgan. Xabar berilishicha, kompaniya rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslar qo‘lga olingan, korxonaning bank hisobraqamlari muzlatilgan.
Ma’lumot uchun, Szinszyan shahri Xitoyning eng yirik poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqarish markazlaridan biri bo‘lib, ko‘pincha mamlakatning “poyabzal poytaxti” deb ataladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi minglab korxonalar 2024 yilda 1,2 milliard juftdan ortiq poyabzal ishlab chiqargan bo‘lib, bu jahon umumiy ishlab chiqarish hajmining taxminan 20 foizini tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Xunan viloyatida joylashgan pirotexnika zavodida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lib, 61 nafar odam jarohat olgandi.
Live
Barchasi