Xitoyda kabobpazlik o‘qitiladigan universitet ochildi
Bu qiziq
−
23 mart 1594 2 daqiqa
Xitoyda talabalarga kabob va boshqa cho‘g‘da tayyorlanadigan taomlarni to‘g‘ri pishirish o‘rgatiladigan universitet ochildi. Bu haqda CNA xabar berdi.
O‘quv yurti Yueyan Ochiq universiteti va shahar Barbekyu assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan. Ushbu dastur mamlakatda to‘liq mahalliy barbekyu (kabobpazlik) industriyasiga bag‘ishlangan birinchi loyiha sifatida taqdim etilmoqda.
Yueyan shahri o‘z gastronomik brendini faol rivojlantirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda 2000 dan ortiq barbekyu-restoranlari faoliyat yuritadi, ular har yili taxminan 291 million dollar daromad keltiradi va 50 minggacha kishini ish bilan ta’minlaydi. Mahalliy ziravorlar, chili va perilla qo‘shilgan achchiq qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kaboblar eng mashhur taomlar sirasiga kiradi.
Kollej talabalari ham nazariya, ham amaliyotni o‘rganadi. Dasturga masalliqlarni tanlash, olov va ko‘mirni boshqarish, shuningdek, o‘ziga xos ta’mlarni ishlab chiqish kabi fanlar kiritilgan. Bundan tashqari, o‘qitish biznes-modullarni ham o‘z ichiga oladi – restoran boshqaruvi, xarajatlarni hisoblash va tadbirkorlik asoslari o‘rgatiladi.
Kursni tamomlagandan so‘ng bitiruvchilarga nafaqat diplom, balki kadrlar bo‘limlari tomonidan tan olinadigan professional sertifikat ham beriladi.
Dekan Xu Szyunning so‘zlariga ko‘ra, dasturga qiziqish juda yuqori bo‘lgan: o‘quv yurtiga ham sohada ishlayotgan xodimlardan, ham yangi ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan ko‘plab arizalar tushgan.
O‘qitish jarayoniga 30 dan ortiq tajribali shef-oshpazlar, shuningdek, maxsus o‘quv materiallarini ishlab chiqqan soha ekspertlari jalb etilgan. Universitet mahalliy restoranlar bilan ham hamkorlik qiladi, u yerda talabalar amaliyot o‘tashlari va o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishda yordam olishlari mumkin.
Asosiy o‘quv dasturi uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, u akademik kurslar va jadal amaliy modulni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan bir oylik qisqa muddatli kurslar ham mavjud.
Live
Barchasi