Xitoy Yevropa bilan savdo uchun Arktika orqali yangi yo‘l ochmoqda

Olam

image

Xitoy Yevropa bilan tovar tashishda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yangi yo‘nalishni ishga tushirmoqda. Mamlakatning Sea Legend konteyner tashuvchi kompaniyasi Arktika orqali Xitoydan Yevropaga muntazam yuk tashishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “The News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi yo‘nalish Xitoyning Ninbo portini Buyuk Britaniyadagi Felikstou porti bilan bog‘laydi. Kemalar Rossiyaning Arktika sohili bo‘ylab o‘tadigan Shimoliy dengiz yo‘lidan foydalanadi.

“Muz Ipak yo‘li” deb atalgan mazkur yo‘nalishning asosiy ustunligi Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi dengiz safarini sezilarli darajada qisqartirish. Odatda Ninbo – Felikstou yo‘nalishi qariyb 40 kun davom etsa, Arktika orqali bu muddatni ikki baravarga qisqartirish mumkin.

Shuningdek, Arktikada muzlarning erishi kemalar harakati uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. 2024 yildan 2025 yilgacha qishki mavsumda Arktika dengiz muzlari maydoni 5,8 foizga qisqargan.

Mutaxassislar fikricha, Yaqin Sharqdagi keskinlik, xususan, Hormuz va Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozlaridagi xavflar dengiz tashuvchilari uchun muqobil yo‘nalishlarga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.

Allianz sug‘urta kompaniyasining dengiz xavflari bo‘yicha global rahbari Raxul Xannaning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Arktika va Shimoliy dengiz yo‘li orqali harakatlanayotgan kemalar soni ko‘paygan. Uning fikricha, tashuvchilar bu yo‘nalishni nafaqat vaqt va xarajatni tejash, balki geosiyosiy xavflar va mojaroli hududlarni chetlab o‘tish imkoniyati sifatida ham ko‘rmoqda.

Shimoliy dengiz yo‘li 28 ta qismga bo‘lingan bo‘lib, ularning har biri uchun alohida harakat talablari mavjud. Yo‘nalish bo‘ylab suzish uchun ruxsatnomalar Rossiya davlat atom energiyasi korporatsiyasi “Rosatom” nazoratidagi Shimoliy dengiz yo‘li ma’muriyati tomonidan beriladi.

Shu bilan birga, Arktika yo‘nalishidan foydalanish ekologik va geosiyosiy xavflar bilan ham bog‘liq. 2018 yilda Maersk kompaniyasi ushbu yo‘nalishni sinov tariqasida ishlatgan. Biroq keyinchalik Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi va Arktika ekotizimiga zarar yetkazish xavfi tufayli ko‘plab Yevropa tashuvchilari bu yo‘nalishdan voz kechgan.

Ayni paytda Arktika AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy raqobatning muhim nuqtalaridan biriga aylanmoqda. Rossiya Arktika hududlarini iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega deb hisoblasa, Xitoy o‘zini “Arktikaga yaqin davlat” deb atab, “Qutb Ipak yo‘li” g‘oyasini ilgari surmoqda.

AQSH esa Arktikada Rossiya va Xitoyning ustunligiga qarshi chiqib, dengiz yo‘llarida erkin harakatlanish tamoyilini himoya qilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing