Xitoy va Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropaga temiryo‘l ochdi

Olam

image

Qozog‘iston va Xitoy yangi temiryo‘l yo‘nalishini ishga tushirmoqda. Bu yo‘l yuklarni Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropaga yetkazish imkonini beradi. Bu haqda bugun, 4 mart kuni “Qozog‘iston temiryo‘llari” KTJ matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha Xitoyning “China Railway Container Transport” kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Xitoydan jo‘natilgan konteyner poyezdlari Turkmaniston, Qozog‘iston, Eron va Turkiya orqali o‘tib, Yevropa davlatlariga yetkaziladi.

Yangi yo‘nalish bo‘ylab birinchi poyezd Xitoyning Chendu shahridan Polshaning Lodz shahriga yo‘l olgan.

“Mazkur yo‘nalish yuklarni uzluksiz yetkazib berishni va mamlakatlar o‘rtasida samarali aloqani ta’minlaydi. Yo‘lning taxminiy davomiyligi 40 kun”, deyiladi KTJ bayonotida.

Shu bilan birga, Xitoy Rossiyani chetlab o‘tuvchi yana ikki temiryo‘l loyihasini rivojlantirmoqda. Birinchi loyiha Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Qozog‘iston, Kaspiy dengizi akvatoriyasi, Ozarbayjon va Gruziya orqali o‘tadi.

Ikkinchi loyiha esa temiryo‘l qurilishini Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali Kaspiy dengizigacha yetkazishni nazarda tutadi. Bu yo‘nalishdan yuklar Turkiya orqali Yevropa Ittifoqiga yetkaziladi. 8 milliard dollarlik loyiha Fors ko‘rfazi davlatlari temiryo‘llari bilan bog‘lash ham rejalashtirilgan holda, 2024 yil iyun oyida tasdiqlangan va uning amalga oshirilishini China Railway International kompaniyasi boshqaradi.

Vashingtondagi Jamestown Foundation tahlil markaziga ko‘ra, bungacha Xitoydan Yevropaga yuklar Qozog‘iston, Rossiya va Belarus orqali temiryo‘l orqali yetkazilgan. Biroq Ukrainadagi urush boshlanganidan beri ba’zi kompaniyalar Rossiya hududidan tranzit qilishni to‘xtatgan.

“Xitoy uchun Rossiyadan tashqari Yevropaga va Sharqqa chiqishning muqobil yo‘llari muhim. Rossiya orqali yo‘nalish endi xavfsiz emas. Avvalgi kabi Yevropaga yo‘l kutilmaganda yopilishi mumkin. Shu bois Xitoy uchun yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish juda muhim”, deydi Jamestown Foundation'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti David Kankarini.

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomovga ko‘ra, Rossiya bu loyihadan “xursand emas”, biroq unga ochiq qarshi chiqolmaydi ham.

“Aks holda, Rossiya Xitoy bilan to‘qnash keladi. Hozir esa Xitoy Rossiyani himoya qiluvchi ittifoqchi hisoblanadi. Shu sabab Moskvada bu loyiha bo‘yicha ortiqcha entuziazm yo‘q”, deydi Ilhomov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabr oyida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish ishlariga start bergan edi. Keng qamrovli mintaqaviy loyiha doirasidagi tamal tosh Jalolobod shahrining Tosh-Qutchi qishlog‘ida qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Turkiya va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlashi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston Evropa Xitoy temiryo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing