Xitoy Pokistonga Hindiston qiruvchisini urib tushirishga yordam bergan – OAV

Olam

image

Joriy yil 7 mayga o‘tar kechasi Xitoy Pokistonga Hindistonning uchta harbiy samolyotini – Rafale, MiG-29 va Su-30 ni urib tushirishga yordam bergan. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu hodisa Pokiston bilan Xitoy o‘rtasidagi harbiy hamkorlik doirasida amalga oshirilgan maxfiy operatsiya natijasi bo‘lgan.

Hindistonlik ekspertlarning tahliliy hisobotiga tayanib, “Bild” quyidagilarni ma’lum qilgan:

  • Xitoy Pokistonga zamonaviy radioelektron kurash tizimlarini yetkazib bergan va operatsiyani real vaqt rejimida muvofiqlashtirgan;
  • Pekin bu voqeani o‘zining “setetsentrik urush” konsepsiyasini sinovdan o‘tkazish uchun foydali imkoniyat deb bilgan – bu konsepsiyada harbiy birliklar yagona axborot maydoni orqali uzviy ishlaydi;
  • Xitoy qo‘llab-quvvatlovchi texnika sifatida AESA radarli J-10 qiruvchi samolyotlari, 300 km masofagacha uchuvchi PL-15 raketalari, BeiDou sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi, sun’iy intellekt asosidagi radioelektron kurash boshqaruv tizimlari va uzoq masofani kuzatuvchi samolyotlarni safarbar qilgan.

Natijada Hindistonning aloqa tizimi butunlay ishdan chiqqan, samolyotlar uchuvchilari esa markaziy boshqaruvdan uzilgan.

Ayni damda Hindiston rasmiylari ushbu ma’lumotni omma oldida tasdiqlamagan, biroq Bild ning manbalari bu voqeani Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi kuchlar muvozanatiga ta’sir qiluvchi jiddiy signal sifatida baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vikram Misri parlamentning Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasining yopiq yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Hindiston yaqin kelajakda Pokiston bilan normal munosabatlarni tiklash imkoniyatini ko‘rmayotganini aytgandi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzgandi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.

10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi “Banyan-ul-Marsus”, ya’ni “Mustahkam devor” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu operatsiya Hindiston tomonidan davom etayotgan “provokatsiyalar”ga javob sifatida ko‘rildi. Pokiston armiyasi Hindistonning bir nechta harbiy ob’ektlariga zarba bergan. Ular orasida Udxampur va Patxankot aviabazalari ham bor. Bundan tashqari, “BraMoc” rusumidagi kemaga qarshi tovush tezligiga ega raketalar ombori yo‘q qilingan.

Shu bilan birgalikda, 10 may kuni AQSH bilan muzokaralardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Islomobod va Nyu-Dehli buni tasdiqladi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, o‘t ochishni to‘xtatish mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Hindiston Pokiston harbiy samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing