Xitoy koronavirusga qarshi 5 ta vaksina sinovi haqida hisobot berdi
Salomatlik
−
16 may 2020
8840Xitoylik olimlar 2500 nafardan ortiq ko‘ngillilar ishtirokida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi besh xil vaksinani sinab ko‘rdilar. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi xabar berdi.
“Hozirgi paytda bizda adenoviral vektor asosida bitta rekombinant vaksina va to‘rtta inaktivatsiya qilingan vaksina mavjud. Ularning barchasi allaqachon Davlat oziq-ovqat va dori-darmon ma’muriyatining tasdig‘idan o‘tgan. Ularda birinchi va ikkinchi bosqichlarda klinik tadqiqotlar allaqachon boshlangan“, deydi Davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Szen Isin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda vaksinalarni jami 2575 ko‘ngilli o‘zlarida sinab ko‘rishgan. Birinchi bosqichda, shu jumladan, 539 ko‘ngillida klinik sinovlar o‘tkazilgan. Sinovlarda vaksina qabul qilgandan so‘ng organizm antitana ishlab chiqarishning dalillari allaqachon mavjud. Vaksinalar sinovining ikkinchi bosqichida 2036 ko‘ngilli qatnashdi. Hozirda vaksinalarning samaradorligi va xavfsizligi baholanmoqda.
“Ushbu klinik sinovlarni o‘tkazishda biz hali ham nojo‘ya ta’sirlar haqida xabar olganimiz yo‘q. Rejaga ko‘ra, agar hamma narsa muvaffaqiyatli bo‘lsa, shu yilning iyul oyigacha biz yuqorida ko‘rsatilgan vaksinalarni klinik sinovlarining ikkinchi bosqichini yakunlaymiz“, deydi Szen Isin.
Avvalroq, Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi rahbari Gao Fu agar texnologik ishlab chiqarishning normal jadvaliga rioya qilinsa, vaksina shu yil oxiriga qadar yoki keyingi yil boshida tayyor bo‘lishi mumkinligini aytdi.