Xitoy Belarus va O‘zbekiston bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi
Olam
−
24 iyul 4760 2 daqiqa
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari yig‘ini doirasida Belarus Tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Uchrashuvlar yuzasidan Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Belarus bilan uchrashuvda Xitoyning asosiy milliy manfaatlariga doir masalalarda “qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani” uchun Minskka minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Xitoy Belarus bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini jadallashtirishga chaqirgan.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv so‘ngida tomonlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar rejasini imzolagan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan uchrashuvda esa Van I Baxtiyor Saidov bilan suhbatda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini ilgari surish bilan bir qatorda, sanoatlashtirishga oid yanada yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirgan. Shuningdek, ikki tomon huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlik sohasidagi qo‘shma hamkorlik mexanizmini samarali ishlatishi lozimligi ta’kidlangan.
Nashrning yozishicha, Xitoy BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va “Xitoy – Markaziy Osiyo” mexanizmi kabi ko‘p tomonlama maydonlarda hamjihatlik va hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti Yevroosiyodagi 10 a’zo davlatni birlashtirgan tuzilma bo‘lib, uning tarkibiga Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari kiradi.
Live
Barchasi