Xitoy 12 ta yangi kasbni rasman tan olmoqchi
Olam
−
03 iyul 4000 2 daqiqa
Xitoy 12 ta yangi kasbni rasman tan olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti bandlikning yangi shakllarini yaratishda davom etayotgani sababli, ushbu kasblar qatoriga raqamli egizaklar (digital twins) bo‘yicha muhandis-texnik, mujassamlashgan sun’iy intellektli (embodied AI) robotlardan foydalanish bo‘yicha texnik mutaxassis va sport ma’lumotlari tahlilchilari kiradi.
Xitoy Xalq Respublikasi Inson resurslari va ijtimoiy ta’minot vazirligining bildirishnomasiga ko‘ra, mamlakatda mavjud kasblar doirasida bir qator yangi ishchi ixtisosliklari ham qo‘shiladi. Ular orasida past balandlikdagi iqtisodiyot (low-altitude economy) sohasi logistlari, intellektual agentlar (AI agents) ishlab chiquvchilari, yangi energiya manbalarida ishlaydigan (elektromobil va gibrid) transport vositalari inspektorlari hamda yashash muhitini keksalar uchun moslashtirish bo‘yicha dizaynerlar bor.
Ushbu qadam Xitoyning yangi paydo bo‘layotgan tarmoqlarning jadal rivojlanishi, raqamli texnologiyalarning keng qo‘llanilishi va xizmat ko‘rsatish sohasi ahamiyatining ortib borishi bilan tavsiflanuvchi iqtisodiy transformatsiyaga ishchi kuchini moslashtirish, shuningdek, bandlikning yangi manbalarini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini aks ettiradi. Nashrning yozishicha, vazirlik 2019 yildan buyon yangi kasblarning yettita ro‘yxatini e’lon qilgan bo‘lib, hozirda ularning umumiy soni 110 taga yetgan.
Xitoy yangi kasblar uchun milliy standartlarni ishlab chiqadi, ular kasb-hunar ta’limi, malaka oshirish va mutaxassislar malakasini baholashda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya mamlakatdagi ishchi kuchi kamayishini qoplash maqsadida 2040 yilgacha iqtisodiyotning 18 ta tarmog‘ida sun’iy intellektga ega 10 million robotdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi