“Xato bo‘lib turadi”. Tramp Minobda bolalar bombalanishi bo‘yicha javobgarlikdan qochdi
Olam
−
18 iyun 4403 2 daqiqa
Joriy yilning 28 fevralida boshlangan Isroil va AQSHning Eronga qarshi hujumlarida Minob shahridagi qizlar boshlang‘ich maktabi ham nishonga olingan edi. Kecha, 17 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp G7 sammiti doirasida maktab o‘quvchilarining halok bo‘lishida o‘z mamlakatining javobgarligi to‘g‘risidagi savolga javob berishdan qochdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Tramp matbuot anjumani chog‘ida ushbu fakt bo‘yicha hali ham tergov harakatlari olib borilayotganini va hozircha Erondagi maktabga berilgan zarba uchun kimnidir javobgarlikka tortishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan.
“Yo‘q. Agar bu xatolik bo‘lsa… va o‘zingiz bilganingizdek, tergov olib borilmoqda… Bugun berilayotgan bunday g‘alati savol, axir gap ancha oldingi voqealar haqida ketmoqda. Lekin buni hech kim ataylab qilmagan”, deydi Tramp.
Shu bilan birga, u sodir bo‘lgan voqea AQSH harbiylarining xatosi bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan.
“Yo‘q, xatolar bo‘lib turadi. Urush – iflos ish, lekin men tergov ketayotganini bilaman va sizga hisobotni ertagayoq taqdim etishim mumkin edi. Yoki men bu savolni Pentagon rahbari Pit Xegsetga bergan bo‘lardim, chunki ular tergov olib borishmoqda”, deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Eronning Minob okrugiga uyushtirilgan hujumlar chog‘ida qizlar boshlang‘ich maktabi zarar ko‘rgani va oqibatda 175 nafar o‘quvchi qiz halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan edi. Shundan so‘ng o‘quvchilar va pedagoglarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tdi. Turli ma’lumot manbalaridan foydalangan holda 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan barcha 120 nafar o‘quvchi va 26 nafar o‘qituvchining shaxsi aniqlandi.
Keyinchalik Eron TIV rasmiy vakili bayonot bilan chiqib, AQSH va Isroilni harbiy jinoyatlarda aybladi. Pentagon rahbari Pit Xegset Erondagi harbiy operatsiyaga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qizlar maktabiga berilgan zarbalar bo‘yicha tergov boshlanganini ma’lum qildi.
Bu orada Donald Tramp qizlar maktabiga berilgan zarba uchun javobgarlikni Eronning o‘ziga yukladi. “The New York Times” nashri esa davom etayotgan tergovga tayanib, Erondagi maktabga qilingan hujum uchun AQSH javobgar ekanini xabar qildi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust