Keyingi yildan O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Bir narsani tushunish kerak: tarmoq va hududlarda sun’iy intellekt infratuzilmasiga oshib borayotgan talabni faqat davlat hisobidan qoplab bo‘lmaydi”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, bugun start berilgan “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida Saudiyaning “Data Volt” kompaniyasi bilan 150 million dollar hisobiga 12 megavattli data-markaz ishga tushiriladi. Keyingi bosqichda yana 3 milliard dollar sarmoya hisobiga quvvatlar 500 megavattga olib chiqiladi.

Umuman, investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratib, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data-markazlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etilgan. Bunday markazlar xarajatining 70 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan.

Bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.

“Bu sohada katta sakrash qilish bilan birga, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi”, deydi davlat rahbari.

Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmi 10 mlrd dollarga baholangani, endilikda vazirlar hamda tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilangangani va O‘zbekistonda aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingani haqida ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sun'iy intellekt sun'iy yo'ldosh interneti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing