Katta siyosiy iroda bilan O‘zbekiston dunyoga keng ochildi – Prezident
Jamiyat
−
19:24 412 2 daqiqa
Katta siyosiy iroda bilan O‘zbekiston dunyoga keng ochildi, chegara muammolari hal qilinib, qo‘shnilar bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Bu haqda bugun, 28 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘z ochdi.
Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekistonda valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada mamlakatning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘ona yaxshilanib, O‘zbekiston iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin davlatlar qatoridan joy oldi.
Ilgari iqtisodiyotga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozir mazkur ko‘rsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.
Uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning o‘zida ortig‘i bilan bajarilib, O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiradi.
“E’tiborli jihati, biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami arafasida loyihalarni ishga tushirish marosimida avval siyosiy iroda yo‘qligi sababli O‘zbekistonda hamma paxtaga qul bo‘lganini aytgan edi.
Live
Barchasi