Kannavaro Italiyada nima bilan shug‘ullanyapti?

Sport

image
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Italiyada nimalar bilan mashg‘ul ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Kannavaro Instagram sahifasida xabar berdi.

Terma jamoa murabbiyi Italiyaning “Luna Rossa Prada Pirelli” yelkanli sport jamoasi 38-Amerika kubogi oldidan Neapolda o‘tkazayotgan mashg‘ulotlardan lavhalarni joylashtirdi. Suratlarda Tirren dengizi sohilidagi Neapol ko‘rfazining go‘zal manzaralari ham aks etgan.

Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi so‘nggi uchrashuvidan keyin Toshkentga qaytmadi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri Nyu-Yorkka yo‘l oldi va u yerdan Italiyaga uchib ketdi. Bosh murabbiy bu qarorini jamoa bilan ikki oy davom etgan uzluksiz ishdan keyin qattiq charchaganini, shuningdek, nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar shtabi va boshqa xodimlar ham to‘liq dam olishga muhtoj ekanligi bilan izohladi. Shu bilan birga, u sentyabr oyida Osiyo kubogiga tayyorgarlikni boshlash uchun O‘zbekistonga qaytishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionatida “K” guruhidan ishtirok etdi va musobaqani guruh bosqichida yakunladi. Jamoa uchala uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchradi. Mexikoda bo‘lib o‘tgan dastlabki turda Kolumbiyaga 1:3 hisobida yutqazdi. Keyingi bahsda jamoa Xyustonda Portugaliyaga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Atlantada o‘tgan so‘nggi uchrashuvda esa Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi guruhda so‘nggi o‘rinni egallab, musobaqani tark etdi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing