Kannavaro bosimni o‘z zimmasiga olmoqda – Fayzullayev
Sport
−
15 iyun 6544 3 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro futbolchilarga mamlakat tarixidagi ilk Jahon chempionati oldidan yuzaga kelayotgan bosimni yengishda yordam bermoqda. Bu haqda terma jamoa yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev “Sport-Express” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Albatta, u o‘z tajribasini biz bilan bo‘lishadi. Eng muhimi, u bosimni o‘z zimmasiga oladi. Kannavaro bizga bu kunlardan zavqlanishimiz kerakligini ta’kidlaydi, chunki biz tarixdagi ilk Jahon chempionatimizda ishtirok etyapmiz. U shunchaki o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerakligini aytadi, chunki yo‘qotadigan narsamiz yo‘q. Balki aynan shu holat bizga qo‘shimcha ustunlik berar. Asosiy motivatsiyamiz esa xalqimizning jamoa bilan faxrlanishidir”, deydi Fayzullayev.
Fayzullayev guruhdagi raqiblar haqida gapirar ekan Portugaliya va Kolumbiya bilan birgalikda Kongo Demokratik Respublikasi ham kuchli jamoa ekanligiga to‘xtalgan.
“Qaysidir ma’noda Kolumbiya va Portugaliya kabi jamoalarga qarshi o‘ynash ham yaxshi. Ammo Kongo Demokratik Respublikasi ulardan kuchsiz deb ayta olmayman. Afrika jamoalari jismonan juda baquvvat va har qanday raqibga muammo tug‘dira oladi. Menimcha, barcha uchrashuvlar qiyin kechadi. Nafaqat biz uchun, balki ular uchun ham. Chunki ular ham bizni yaxshi bilishmaydi va biz ularga syurpriz tayyorlashimiz mumkin”, deydi u.
Fayzullayev Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi teram jamoa a’zolari uchun o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga yordam berganini aytib o‘tgan.
“Niderlandiyaga qarshi o‘yinda o‘zimizni sinab ko‘rdik va juda yuqori darajadagi futbolchilarga qarshi ham munosib o‘ynay olishimizni his qildik. Frenki de Yong, Virjil van Deyk kabi futbolchilarga qarshi maydonga tushdik. Bu uchrashuvdan keyin ishonchimiz yanada ortdi. Endi kurashga tayyor ekanimizni va raqiblarni hayratda qoldira olishimizni his qilyapmiz”, deydi futbolchi.
U Jahon chempionati oldidan ko‘rilgan tayyorgarlik juda qiyin bo‘lganiga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Agar barcha futbolchilarimizdan so‘rasangiz, ular ham bu eng og‘ir yig‘in bo‘lganini aytishadi. Masalan, 25 may kuni AQSHga uchishimizdan oldingi mashg‘ulot ikki yarim soat davom etdi. Bir mashg‘ulotda to‘qqiz kilometr yugurdik. Bu juda katta yuklama. Klubda mavsum davomida bir mashg‘ulotda odatda uch yarim-to‘rt kilometr yugurardik. Bu safar esa bundan ikki baravar ko‘proq yugurdik”, deydi Fayzullayev.
Shuningdek, Fayzullayev Jahon chempionatida Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynashni intiqlik bilan kutayotganini ham yashirmagan.
“Albatta, juda ham kutyapman. Bolaligimda uning o‘yinlarini televizor orqali tomosha qilardim va shunday uchrashuvni orzu qilardim. Men Messi muxlisiman, lekin Krishtianu ham menga juda yoqadi. Unga qarshi o‘ynash – katta orzu”, deydi u.
O‘zbekiston terma jamoasi turnirdagi birinchi uchrashuvini joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Keyingi bahslarda esa Fabio Kannavaro shogirdlari Portugaliya (23 iyun) va Kongo Demokratik Respublikasiga (28 iyun) qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi