Kanada Isroil askarlari ustidan tergov boshladi – OAV

Olam

image

Kanada federal politsiyasi Isroil armiyasida xizmat qilgan, Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan harbiylar ustidan G‘azo sektorida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlik gumoni bilan jinoiy tergov ishlarini boshladi. Bu haqda “Ynet” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, tergov 2024 yil boshida yashirin tarzda boshlangan bo‘lsa-da, shu vaqtgacha bu haqda ommaga e’lon qilinmagan.

“Ushbu xabar Kanada yahudiy jamoatchiligi orasida kuchli norozilikka sabab bo‘ldi, chunki bu holat birinchi marta hukumat tomonidan, ya’ni rasmiy davlat darajasida boshlangan tergov sifatida qayd etilmoqda. Bungacha bu kabi da’volar faqat nodavlat tashkilotlar tomonidan ilgari surilgan edi”, deyiladi xabarda.

Tergov doirasida Kanada fuqarolari bo‘lgan, Isroil armiyasining doimiy yoki zaxira qismlarida xizmat qilgan shaxslarning insoniyatga qarshi jinoyatlarda ishtirok etgani taxmin qilinmoqda.

Tergovning maqsadi – genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar kabi og‘ir jinoyatlar bo‘yicha dalillarni to‘plash va bunday jinoyatlarda aybdorlarga boshpana berishni rad etish. Huquqiy manbalarga ko‘ra, bu tizimli tergov bo‘lib, u aniq bir mojaroga oid keng ko‘lamli ma’lumot yig‘ish, hujjatlashtirish va keyinchalik Kanada yoki xalqaro miqyosda sud javobgarligiga tortish uchun dalillarni tayyorlashga qaratilgan. 

Qayd etilishicha, Kanada Adliya vazirligi tergovni jiddiy jinoyatlar sodir etilgani haqidagi dalillar mavjud bo‘lgani uchun va ayniqsa, mojaroga aloqador davlatdan kelgan muhojirlar Kanadada ko‘pchilikni tashkil qilganda boshlangan. Bu esa, jumladan, Kanadada yashayotgan va urushda ishtirok etgan isroilliklarga nisbatan ham dalillar to‘plash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya boshqa davlatlar bilan Isroil Vazirlar Mahkamasining ba’zi muhim a’zolariga G‘arbiy Sohilda Falastin huquqlarini poymol qilgani uchun sanksiyalar kiritish rejalarini ishlab chiqayotgani xabar qilingandi. Qora ro‘yxatga yahudiy davlati moliya vaziri Betsalel Smotrich,  Mudofaa vaziri Isroil Kats va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham kirishi mumkin.

Irlandiya esa Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida ishlayotgan Isroil kompaniyalaridan import qilinadigan mahsulotlarga taqiq joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid tergov Isroil Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing