Kanada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash hamda sun’iy intellekt chatbotlari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, belgilangan xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan ijtimoiy tarmoq platformalarida 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning akkaunt ochishi taqiqlanadi. Shuningdek, sun’iy intellekt chatbotlari uchun xavfsizlik talablarini ishlab chiqadigan maxsus raqamli regulyator tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi talablarga rioya qilmagan kompaniyalar global yillik daromadining 3 foizigacha yoki 10 million Kanada dollari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Kanada Madaniyat vaziri Mark Millerning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar va chatbotlar foydalanuvchilar e’tiborini imkoni qadar uzoq vaqt ushlab turishga qaratilgan bo‘lib, ular bolalarning sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uning ta’kidlashicha, yangi qonunchilik yoshlar uchun xavfsizroq internet muhitini yaratish, ularni yuzma-yuz muloqot qilishga, ta’limga ko‘proq e’tibor qaratishga va amaliy hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Avvalroq, Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan edi. Qonun kuchga kirganidan so‘ng millionlab o‘smirlarning akkauntlari o‘chirib tashlangan.

Ma’lumot uchun, Fransiya, Daniya va Polsha ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga oid qoidalarni kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Gretsiya esa 2027 yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing