Kamerunning 93 yoshli Prezidenti “yo‘qolib qoldi”
Olam
−
10 avgust 2848 2 daqiqa
Kamerun Prezidenti Pol Biyya 2 oydan beri mamlakatda ko‘rinmayapti. Uning uzoq vaqt davomida chet elda qolayotgani Prezidentning sog‘lig‘i va mamlakat boshqaruvida bo‘shliq yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1982-yildan buyon Kamerunni boshqarib kelayotgan 93 yoshli Biyya joriy yilning 7 iyun kuni mamlakatni tark etgan. Prezident ma’muriyati uning safarini Yevropadagi qisqa muddatli shaxsiy tashrif deya izohlagan. Keyinchalik hukumat uning Shveysariyada ekanini tasdiqlagan.
Biyya 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozonib, mamlakatni boshqarishdagi sakkizinchi muddatini noyabr oyida boshlagan. Biroq u saylovdan keyin uzoq vaqt davomida mamlakatda bo‘lmagan.
Prezidentning sog‘lig‘i bilan bog‘liq turli taxminlar avval ham paydo bo‘lgan. Biyya so‘nggi yillarda ko‘p vaqtini Yevropa davlatlarida, xususan, Fransiya va Shveysariyada o‘tkazib keladi. Uning mamlakatdan uzoqda bo‘lgan davrlarida boshqaruvning muhim qismi hukmron partiya vakillari va oila a’zolariga topshiriladi.
Kamerun Konstitutsiyasida prezidentning mamlakatni bir necha oyga tark etishi aniq taqiqlanmagan. Shu bilan birga, mamlakatda vitse-prezident lavozimi mavjud emas. Bu holat muxolifat vakillarining keskin tanqidlariga sabab bo‘lmoqda.
Mahalliy ekspertlar prezidentning sog‘lig‘i uning mamlakatni boshqarish qobiliyatiga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Pol Biyya Kamerun Prezidenti lavozimiga 1982 yilda, mamlakatning birinchi prezidenti Ahmadu Ahidjo iste’foga chiqqach kelgan. 2008 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish bilan prezidentlik muddati bo‘yicha cheklovlar bekor qilingan.
Agar Biyya amaldagi prezidentlik muddatini to‘liq yakunlasa, u lavozimini qariyb 100 yoshida tark etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kamerunda 92 yoshli Pol Biyya sakkizinchi marta prezidentlik lavozimiga qayta saylangani haqida xabar berilgan edi.