Kallas Rossiyaga qarshi bosimni kuchaytirishga chaqirdi
Olam
−
26 may 2025 4194 2 daqiqa
Kecha, 25 may kuniga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukrainaga bergan ommaviy zarbalari fonida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yuqori vakili Kaya Kallas urushni tugatish uchun Rossiyaga qarshi eng kuchli xalqaro bosimni qo‘llashga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uning yozishicha, ayni kunlarda Rossiya tomoni Ukrainaning boshiga misli ko‘rilmagan azob-uqubatlarni solmoqda.
“Ukrainada amalga oshirilgan hujumlar shuni ko‘rsatadiki, Rossiya Ukrainaga yangi azob-uqubatlar va vayronagarchiliklarni keltirishga intilmoqda. Qurbonlar va jabrlangan orasida bolalarni ko‘rish juda dahshatli. Bugun men shu oilalar bilanman. Ushbu urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga qarshi eng kuchli xalqaro bosim o‘tkazilishi zarur”, deya yozgan Kaya Kallas.
Qolaversa, 25 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiya tomonidan Ukrainaning bir qancha hududlariga qilingan vayronkor zarbalari haqida fikr bildirar ekan, AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa ittifoqchilarni Moskvaga yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
“Rossiyaning har bir terroristik zarbasi Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritish uchun yetarli asosdir. Rossiya bu urushni cho‘zmoqda va har kuni o‘ldirishni davom ettirmoqda. Dunyo dam olish kuniga chiqishi mumkin, ammo urush davom etmoqda, dam olish kunlari yoki ish kunlari farqi yo‘q. Buni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Amerika va dunyodagi boshqa mamlakatlarning sukut saqlashi Putinni rag‘batlantiradi. Rossiya rahbariyatiga haqiqatan kuchli bosim o‘tkazilmasa, bu shafqatsizlikni to‘xtatib bo‘lmaydi. Sanksiyalar albatta yordam beradi”, degan Ukraina rahbari.
Ma’lumot uchun, Rossiya qo‘shinlari kecha, 25 may kuni tunda Ukraina hududlariga yana kuchli hujumlarni amalga oshirib, hujumchi dronlar va raketalardan foydalangan holda zarba berdi. Vladimir Zelenskiyning ma’lumotlariga ko‘ra, shu tun davomida Rossiya Qurolli kuchlari deyarli 300 ta hujumchi dron va turli xil, jumladan ballistik raketalardan taxminan 70 tasini Ukraina hududlariga uchirgan.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik dronlarning keng ko‘lamli hujumi davomida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kaya Kallas intervyularining birida Yevropa Ittifoqi urush holatida ham, tinchlik holatida ham emasligi haqida gapirgandi. Ushbu intervyuda Kallas yana bir bor Yevropa davlatlarini mudofaa uchun xarajatlarni oshirishga chaqirgandi.