Qurilish xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqi miqdori oshiriladi
Jamiyat
−
17:55 478 1 daqiqa
O‘zbekistonda qurilish sohasi xodimlari uchun soatlik eng kam ish haqi miqdori oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasida pudrat va loyihalash tashkilotlarining faoliyatini rag‘batlantirish hamda rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- qurilish sohasida pudrat va loyihalash tashkilotlarining faoliyatini rag‘batlantirish;
- qurilish sohasidagi xodimlar uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish hamda barcha hududlardagi miqdorini tenglashtirish;
- Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining smeta qiymatida pudrat tashkilotlarining rejali foydasi miqdorini 7 foizgacha etib belgilash;
- loyihalash ishlarini moliyalashtirish hajmini ob’ektning murakkablik darajasi va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;
- muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi uchun yig‘imlar bo‘yicha avans to‘lovini 20 foizdan 5 foizga tushirish.
Farmonga ko‘ra, qaror loyihasi 2027 yil yanvar oyida tayyor bo‘lishi kerak. Vazifa ijrosi uchun Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Samandar Sadullayev mas’ul deb belgilangan.
Live
Barchasi