Qudbiyev tayinlangan yangi qo‘mita bo‘yicha Prezident qarori chiqdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yangi qarorga imzo chekdi.

Bu qaror Prezidentning 2025 yil 19 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–219-son farmoni ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish maqsadida qabul qilingan.

Davlat rahbari bu qarorni qabul qilish orqali urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, Milliy qo‘mita faoliyatini tashkil etish, bu sohada davlat organlari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani tashkil etgan holda hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda yetakchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish singari asosiy maqsadlarni keltirgan.

Qarorga ko‘ra, quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Milliy qo‘mita bilan majburiy kelishilishi shart:

  • uy-joylar qurilishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari;
  • (Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar markazlari va boshqa aglomeratsiyalarda uy-joy hamda noturar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirish;
  • “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha yillik maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash;
  • kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan va “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladigan hududlarni belgilash.

Shuningdek, yangi hujjatda qo‘mita boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 50 ta shtat birligidan iborat bo‘lishi aytilgan. Ushbu yangi tashkilot loyihaviy boshqaruv tamoyili asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy mutaxassis va ekspertlarni, shu jumladan, olimlar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida jalb qilishi (ishga olishi) mumkin. Uning faoliyati davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yil avgustidan beri Soliq qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Sherzod Davlatovich Qudbiyev lavozimidan ozod etilgani va Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi. Soliq qo‘mitasiga esa prokuraturadan chiqqan rais tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident qarori Sherzod Qudbiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing