Qozog‘istonlik ofitser Polshada josuslikda gumonlanib hibsga olindi

Olam

image

Joriy yilning avgust oyi boshida Polshada Qozog‘istonning Ukrainadagi elchixonasi harbiy attashesi yordamchisi josuslikda gumonlanib hibsga olingan. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning avgust oyi boshida Polsha hukumati postsovet Osiyo mamlakatlaridan birining xorijiy harbiy razvedka xodimi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan, ammo davlat nomini ochiqlamagan. Polsha Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi Bidgosh va Varshavada diplomatik maqom ostida shtatdagi ofitser sifatida ishlagan.

U Polsha milliy xavfsizligi va ittifoqchi davlatlarning harbiy tuzilmalariga tahdid soluvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblanmoqda. Joriy yilning yil 1 avgust kuni Varshava tuman sudi uni uch oy muddatga qamoqqa olish haqida qaror chiqargan. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi “harbiylar bo‘yicha izoh bera olmaymiz” deya bayonot berib, masalani mudofaa idorasiga yo‘naltirgan. Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari har ikkala vazirlikka so‘rov yuborganini xabar qilmoqda.

Shu orada Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakat xavfsizligiga tahdid solgan har bir kishi “ertami-kechmi qo‘lga olinadi”, deya ogohlantirgan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston va Polsha 1992 yildan beri hamkorlik qiladi, ikki davlatda elchixonalar faoliyat yuritadi, savdo, madaniyat va parlament aloqalarini rivojlantiradi. 2023 yilda o‘zaro savdo hajmi 1,23 milliard dollarni tashkil etgan. Shuningdek, ikki mamlakat qo‘shma ta’lim dasturlari va tarixni o‘rganish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Iqtisodiy muloqotning asosiy maydoni Hukumatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha komissiya bo‘lib, uning yig‘ilishi 2023 yil iyunida Varshavada o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Pol'sha josuslik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing