Qozog‘istonlik ayollarga xorijliklar uchun surrogat onalik taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Qozog‘istonda chet ellik fuqarolarga qozoq fuqarosi surrogat ona bo‘lishi taqiqlanishi  mumkin. Endilikda qozoq ayollari faqat o‘z yurtdoshlari uchun surrogat ona bo‘lishi mumkin. Bu haqda bugun, 17 dekabr kuni Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi yalpi majlisida deputat Guldora Nurim taklif bildirib, endilikda qat’iyroq chora ko‘rish zarurligini bildirgan. 

"Hozirgi mo‘’tadil huquqiy yondashuv Qozog‘istonni “reproduktiv turizm” uchun jozibador qilmoqda. Chunki qo‘shni mamlakatlarning ko‘pchiligida (Rossiya, Xitoy), shuningdek, ayrim rivojlangan davlatlarda (Germaniya, Fransiya) surrogat onalik to‘liq taqiqlangan yoki qat’iy cheklovlar mavjud”, deya fikr bildirgan deputat Guldora Nurim.

Moliyaviy qiyinchiliklar sababli ko‘plab yosh ayollarni surrogat onalik dasturlariga jalb etish yangi tug‘ilgan chaqaloqdan ajralish bilan bog‘liq salbiy psixologik oqibatlar va jarohatlar xavfini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, bolaning fuqaroligi va ota-onalikni belgilash masalalari faqat mahkama orqali hal etilmoqda. 

“Katta miqdordagi moliyaviy mablag‘larning aylanishi bolalarning “tovar”ga aylanib qolish xavfini kuchaytiradi, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ekspluatatsiya qilish esa inson savdosining yangi shakli sifatida baholanishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi deputat.

O‘zbekiston qonunchiligida surrogat onalik haqida hech gap yo‘q, ammo qonunosti hujjatlarida bu holat “odam savdosi”ga tenglashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ilovasida “surrogat ona sifatida foydalanish”  ekspluatatsiya turlaridan biri sifatida keltirilgan. Ya’ni, surrogat onalik amalda odam savdosiga tenglashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Surrogat ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing