Qozog‘istonda O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan nomaqbul banner ko‘targan qizlar jazolandi

Sport

−

image

Aqtobe politsiyasi “Aqtobe” va “Ordabasi” jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvida O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlangan bannerni ko‘targan qizlarning shaxsini aniqladi. Ular voyaga yetmagan bo‘lgani sababli ota-onalari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat politsiya departamenti xabar berdi.

Departamentning rasmiy Instagram sahifasida ma’lum qilinishicha, politsiya xodimlari ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish jarayonida “Aqto‘be” va “Ordabasi” jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvida voyaga yetmagan qizlar salbiy mazmundagi bannerni namoyish etayotgani aks etgan postni aniqlagan.

Avvalroq, “Aqtobe” va “Ordabasi” uchrashuv davomida tribunada O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash dizayndagi, “SHYMSIDE YO‘Q, TEXAS MUXLISLARI YO‘Q!” degan yozuv tushirilgan banner ko‘tarilgan. O‘yindan so‘ng esa muxlislar “O‘zbeklar!” deya hayqirgan.

Advokat ushbu holat yuzasidan etnik nafratni qo‘zg‘atish bo‘yicha ish ochishni va klubni musobaqadan diskvalifikatsiya qilishni talab qilgandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qizlarning shaxsini aniqlab, ular bilan ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazgan. Ota-onalar esa farzandlar tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

“Voyaga yetmaganlar o‘z harakatlarining nomaqbul ekanini anglab yetdi”, deya ma’lum qilgan Aqtobe viloyati politsiya departamenti.

Politsiya ota-onalarni farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishga, ularga jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalari hamda qonunbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlikni tushuntirishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Qozog‘iston Premer-ligasi doirasida “Ordabasi” va “Aqtobe” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 17 oktyabr kuni Aqtobe markaziy stadionida bo‘lib o‘tgan. Bahs “Ordabasi”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing